1 yanvar kuni Chernogoriyaning Tsetine shahrining tarixiy markazida mahalliy aholi vakili o‘t ochishi oqibatida 12 kishi halok bo‘ldi. U o‘z joniga qasd qilgan.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, otishma mahalliy vaqt bilan chorshanba kuni soat 17:30 da Tsetine chekkasidagi Baitse rayonida ro‘y bergan.
BBC serb xizmati xabar qilishicha, o‘t ochishda gumonlanayotgan Atso Martinovich kuye davomida kafeda spirtli ichimlik ichgan, keyin esa uyiga borib, qurolini olib chiqqan, mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, unda bu qurol uchun ruxsatnoma bo‘lgan.
Qurbonlar beshta turli nuqtadan topilgan, shundan to‘rt nafari — kafe hududida.
Vijesti nashri yozishicha, hujum uyushtirgan shaxs Tsetine chekkasidagi uyi yaqinida politsiya tomonidan qurshovga olingach, o‘z joniga qasd qilishga uringan. U shifoxonaga olib ketilayotganida jon bergan.
Qurbonlar orasida ikki bola, shuningdek, hujum qilgan shaxsning oila a’zolari bor. To‘rt kishi jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan, ulardan uch nafarining hayoti xavf ostida qolmoqda.
Taxminlarga ko‘ra, Martinovich kafedagi bahslashuvdan keyin otishma boshlagan.
Chernogoriya bosh vaziri Miloyko Spaich qurbonlar xotirasiga uch kunlik motam e’lon qilgan va rasmiylar qurol bo‘yicha qonunchilikni qat’iylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini bildirgan, qurolga egalik qilish to‘liq taqiqlanishi mumkin..
«Milliy xavfsizlik yig‘ilishida shoshilinch tartibda barcha variantlarni, jumladan, qurolga egalik qilishni to‘liq taqiqlashni ham ko‘rib chiqdik, — deya yozgan Spaich X ijtimoiy tarmog‘ida. — Qurol ko‘chada va boshqalarga zarar yetkazadiganlarning qo‘lida bo‘lmasligi kerak».
Chernogoriyada ommaviy qotillik hodisalari ko‘p uchramaydi, ammo bu mamlakatda ham, Bolqonning boshqa mamlakatlaridagi kabi 1990-yillardagi urushdan keyin oddiy odamlarning qo‘lida ko‘plab qurollar qolgan.
Dpa agentligining ta’kidlashicha, Chernogoriya va boshqa Bolqon mamlakatlarida ko‘pchilik o‘qotar qurollarga litsenziyasiz egalik qiladi.
Tsetine — Chernogoriyaning qadimiy poytaxti, shahar aholisi taxminan 14 ming kishi. 2022 yil avgust oyida qurollangan shaxs u yerda o‘n kishini otib o‘ldirgan, keyin o‘zi qurolli o‘tkinchi tomonidan o‘ldirilgan.
Baholarga ko‘ra, Bolqon mamlakatlari aholisi armiya va politsiyaga qaraganda to‘qqiz baravar ko‘proq qurolga egalik qiladi, 2018 yilgi o‘qotar qurollar bo‘yicha global tadqiqotga ko‘ra, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan qurollar soni bo‘yicha Serbiya va Chernogoriya yetakchilik qilgan.