Omadsiz lider – AQShning 100 yoshda vafot etgan sobiq prezidenti Jimmi Karter haqida nimalar ma’lum?

Jahon 20:06 / 30.12.2024 15494

Qo‘shma Shtatlarning 39-prezidenti, tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Jimmi Karter 100 yoshida vafot etdi. So‘nggi yillarda u og‘ir betob edi. BBC uning hayoti va siyosiy faoliyati haqida yozdi.

Jyeyms Erl Karter, boshqa narsalar qatori, o‘zining qisqartirilgan ismi - Jimmi bilan chaqirishni so‘ragan birinchi yuqori martabali davlat arbobi sifatida tarixga kirdi. «Men oddiy fermerman, bu menga ko‘proq qulay», dedi u jurnalistlarga.

Keyinchalik bu moda ingliz-sakson dunyosida o‘z o‘rnini topdi: Toni (Entoni emas) Bler, Bill (Uilyam emas) Klinton, Jo (Jozef emas) Bayden va boshqalar. Bugun, bunday an’ana yo‘qolib bormoqda va siyosatchilar «ismi qanday yozilgan bo‘lsa, shu tarzda murojaat qilishni» talab etmoqda.

«Qishloqi yigit»

Karter siyosatda qishloqi-idealist timsolidan to‘liq foydalandi. Uning asosiy tashviqot shiori «Sizlarga hech qachon yolg‘on gapirmayman!» edi. Aslida, u juda ham «qishloqi» emas - ikkita nufuzli diplomga ega – Jorjiya texnologiya instituti va Annapolis harbiy-dengiz akademiyasi, 1950-yillarning boshlarida u birinchi atom suvosti kemalarida xizmat qildi. «Fermerlik» esa unga otameros edi, shu tufayli qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullandi. Karterning siyosiy strateglari «ferma» deb atagan narsa aslida yeryong‘oq ishlab chiqaradigan yirik sanoatlashgan korxona edi.

«Sizlarga hech qachon yolg‘on gapirmayman!» - AQSh prezidentligiga nomzod Jimmi Karter (BBC)

Karter ikki marta, 1962 va 1964 yillarda Jorjiya Senatiga saylandi, 1970 yilda esa ushbu janubiy shtat gubernatori bo‘ldi.

Fuqarolar urushi davrida Jorjiya quldorlik konfederatsiyasining bir qismi edi. Karter o‘ziga o‘tmish bilan aloqani butunlay uzgan «Yangi janub» vakili sifatida obraz yaratdi. U shimoliy liberal Uolter Mondeylni vitse-prezidentlikka taklif qildi va qoratanli amerikaliklar huquqlari uchun kurashuvchi taniqli shaxslarni o‘z tomoniga og‘dirdi.

Omadsizlik seriyasi

1976 yilda AQSh prezidenti saylovida g‘alaba qozonganidan so‘ng, Karter Vetnam urushiga borishdan bosh tortganlarni amnistiya qildi, o‘z ma’muriyatiga ayollar va milliy ozchilik vakillarini kiritdi, o‘zidan oldingilarga qaraganda qishloq joylariga ko‘proq sayohat qildi va «Prezident Karterdan so‘rang» radio dasturida muntazam ravishda amerikaliklarning savollariga javob qaytardi.

1970-yillar oxirida uning vositachiligida Isroil va Misr o‘rtasida Kemp-Devid kelishuvining imzolanishi tashqi siyosatdagi eng katta yutuq bo‘ldi, bu kelishuv hozirgi kungacha Yaqin Sharqning geosiyosiy arxitekturasini belgilab beradi.

Karter Xitoy bilan munosabatlarni yaxshilash siyosatini davom ettirdi: Den Syaopin bilan (Getty Images)

Ammo, umuman olganda, Karterning hukmronligi tarixga omadsiz sifatida kirdi. AQSh prezidentlari ichida «yovuz taqdir ko‘proq ta’qib qilgan» boshqa shaxsni topish qiyin.

1970-yillarning ikkinchi yarmida neft narxi tarixiy cho‘qqiga chiqdi. Oqibatda, saylovdagi va’dalar, ya’ni, ishsizlikni 4,5 foizga, inflatsiyani yiliga 4 foizga kamaytirish va’dalari bajarilmay qoldi. Bundan tashqari, vaziyat keskin yomonlashdi.

1980 yilgi prezidentlik kampaniyasi paytida respublikachi nomzod Ronald Reygan Amerika iqtisodiyotining ahvolini «tushkunlik» deb ta’rifladi. Karter o‘z raqibi bilan atamashunoslik bo‘yicha munozaraga kirishdi va mamlakat tushkunlikda emas, balki faqat tanazzulda ekanini ta’kidladi. Reygan qattol hazil bilan javob berdi: «Turg‘unlik - qo‘shningiz ishini yo‘qotganda, tushkunlik - bu siz ishingizdan mahrum bo‘lganda, tiklanish - Jimmi Karter ishini yo‘qotganda!»

Mislsiz xo‘rlanish

Saylov arafasida Karterning obro‘siga berilgan, ikkinchi tuzatib bo‘lmas zarba Islom inqilobidan keyin Erondagi amerikaliklarning garovga olinishi bo‘ldi.

1979 yil 4 noyabrida, Eron islomiy respublika deb e’lon qilinganidan yetti oy o‘tgach, o‘zlarini «imom kursining talaba-izdoshlari» deb atagan bir guruh odamlar Tehrondagi AQSh elchixonasiga bostirib kirdi. Ular elchixonaning 66 nafar xodimini (asosan diplomatlar) garovga olib, sobiq shoh Rizo Pahlaviyni topshirishni talab qilishdi. U Nyu-York klinikalaridan birida saraton kasalligidan davolanayotgan edi.

Bir necha ayollar va kasallar qo‘yib yuborildi, ammo garovga olinganlarning 52 nafari 444 kun davomida asirlikda qoldi. Qurollangan soqolli yigitlar telekameralar oldida suratga tushib, Amerikaning ojizligini masxara qilishdi.

1970-yillarning asosiy siyosiy raqiblari: Jimmi Karter va oyatullo Humayniy (Getty Images)

AQSh II Jahon urushidagi Pyorl Harbor voqeasidan beri bunday xo‘rlanmagan edi. Ammo 1941 yilda amerikaliklar yaponlardan darhol o‘ch oldilar. Karter ma’muriyati esa sarosimaga tushib, ojizlikni ko‘rsatdi.

1980 yil 24 aprelda garovga olinganlarni qutqarish bo‘yicha «Burgut changali» operatsiyasi boshlanmasdanoq muvaffaqiyatsizlikka uchradi. AQSh Maxsus kuchlari vertolyotlaridan biri Eron cho‘lidagi aerodromda yoqilg‘i quyish mashinasi bilan to‘qnashib, yonib ketdi. Oqibatda 8 nafar askar halok bo‘ldi.

Garovga olinganlar faqat 1981 yil 20 yanvarda, Jazoir kelishuvi imzolangandan keyin ozod qilindi. Ajablanarlisi shundaki, bu Ronald Reyganning inauguratsiyasi kuni sodir bo‘ldi.

Brejnevning o‘pichi

Karterning Moskva bilan munosabatlari ham yaxshilanmadi, garchi u saylov kampaniyasi paytida va prezidentlik muddatining boshida iliqlashish va qurollanishni kamaytirish tarafdorligini e’lon qilgan bo‘lsa-da.

Karter Amerika tashqi siyosatining asosiy maqsadi butun dunyoda inson huquqlarini himoya qilish ekanini e’lon qildi - bu esa tabiiyki, Sovet rahbariyatiga yoqmadi.

Karterning Oq uyga kelishi bilan deyarli bir vaqtning o‘zida Leonid Brejnevning sog‘lig‘i keskin yomonlashdi va xalqaro munosabatlar konservativ uchlik Andropov-Ustinov-Gromiko qo‘liga tushdi.

SSSR bilan Kuba Angola, Mozambik va Efiopiyadagi qurolli mojaroga qo‘shildi. 1979 yil iyul oyida Moskva va Gavana bilan bog‘liq bo‘lgan sandinistlar Nikaraguada hokimiyatni qo‘lga oldi.

1979 yil o‘rtalariga kelib, 7 yillik muzokaralardan so‘ng, Strategik qurollarni cheklash II (SALT II) shartnomasi kelishib olindi. 18 iyun kuni Brejnev va Karter Venada birinchi va oxirgi marta uchrashib, uni tantanali ravishda imzoladilar. Keyingi shunga o‘xshash yig‘in faqat 1986 yil oktyabr oyida - Reykyavikda, Reygan va Gorbachyov o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.

Protokolga ko‘ra, Brejnevning Qo‘shma Shtatlarga tashrifiga navbati kelgan edi, ammo sovet diplomatlari o‘z hamkasblariga tibbiy sabablarga ko‘ra Sovet rahbarining okean bo‘ylab uchishi ilojsizligini maxfiy ravishda tushuntirdilar.

Venadagi yakuniy matbuot anjumanida SSSR vakili Leonid Zamyatinga Brejnevning sog‘lig‘i haqida savol berildi. U Sovet rahbari hech narsadan shikoyat qilmayotganini va uning sog‘lig‘i yomon ekanligi haqidagi barcha xabarlar taxminlardan boshqa narsa emasligini aytdi. Keyin xalqaro masalalar bo‘yicha mashhur sovet mutaxassisi Malor Sturua o‘rnidan turib, Oq uy matbuot kotibi Jodi Pauelldan janob Karterning siyosiy salomatligi haqida so‘radi. So‘rovlar prezidentlik muddati tugashiga bir yarim yil qolganida, uning reytingi keskin pasayganini ko‘rsatayotgan edi.

«[Karterning siyosiy salomatligi] [Brejnevniki bilan] taxminan bir xil», deb javob berdi Pauell.

Ko‘pgina amerikaliklar SALT II shartlarini mamlakat uchun kamsitish deb hisoblashdi.

Karter va Brejnevning o‘pishishi (Getty Images)

Imzolash marosimi yakunida Karter va Brejnev o‘pishib, bir-birini tabrikladi. Bu ko‘proq sovet rahbariga xos odat edi. Mashhur «o‘pishish»dan keyin 6 oydan kamroq vaqt o‘tgach, SSSR Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Bu voqeadan ikki hafta o‘tgach, G‘arb davlatlari Karterning tashabbusi bilan sanksiyalar kiritdi va Moskva Olimpiadasini boykot etishini e’lon qildi. Munosabatlar esa butunlay yomonlashdi.

Buzrukning kuzi

Lavozimini tark etgach, sobiq prezident avvaliga tinch hayot kechirdi, bir vaqtning o‘zida Jorjiya poytaxti Atlanta universitetida dars berdi. 80 yoshida tinchlikparvarlik va xayriya ishlarida faol ishtirok etdi. Nelson Mandela tashabbusi bilan yaratilgan, sobiq davlat rahbarlarining «oqsoqollar guruhiga» qo‘shildi. 2002 yilda o‘z xizmatlarining umumiyligidan kelib chiqib, tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.

«Oqsoqollar guruhi» 2010 yilda. Karter - chapdan to‘rtinchi

2010 yil avgust oyida u shaxsiy tashrif bilan Pxenyanga bordi va KXDR tomonidan hibsga olingan Amerika fuqarosi Ayjalon Gomesni vataniga qaytardi.

Karterning so‘nggi xalqaro missiyasi 2013 yil noyabrida Nepaldagi birinchi parlament saylovlarida kuzatuvchi sifatida bo‘ldi.

2015 yil avgust oyida Karter jigar o‘simtasini olib tashlash uchun operatsiya stoliga yotdi. Dekabr oyida saraton kasalligi ustidan g‘alaba qozonganini e’lon qildi.

Keyinchalik, unga jigari va miyasiga tarqalgan melanoma (terining xavfli o‘smasi) tashxisi qo‘yildi. 2023 yilda sobiq prezident qolgan vaqtini uyda, hospis yordami bilan o‘tkazishga qaror qilgani haqida xabar berildi.

Karter AQSh tarixida 90 yoshga to‘lgan oltinchi prezidentdir.

U, shuningdek, sobiq prezident sifatida umr ko‘rish bo‘yicha rekordchi – u ketganidan keyin Oq uyda yetti prezident almashdi: Ronald Reygan (1981-1989), to‘ng‘ich Jorj Bush (1989-1993), Bill Klinton (1993-2001), kenja Jorj Bush (2001-2009), Barak Obama (2009-2017), Donald Tramp (2017-2021) va Jo Bayden (2021-2025).

Ko‘proq yangiliklar: