Xitoy Savdo vazirligi AQShning 28 ta mudofaa kompaniyasiga ikki tomonlama maqsadli tovarlar yetkazib berilishiga taqiq qo‘ydi, deb xabar beradi South China Morning Post.
«Milliy xavfsizlik va manfaatlarni ta’minlash yo‘lida hukumat eksport nazorati hamda ikki tomonlama maqsadli tovarlarni tartibga solish qonuni asosida ushbu choralarni qabul qildi», — deyiladi idora xabarida.
Savdo vazirligining aniqlik kiritishicha, hukumat yadroviy qurolni tarqatmaslik ustidan nazoratga rioya qilish doirasida ham mazkur qadamni tashlagan. Savdo cheklovlariga tushganlar orasida General Dynamics, Boeing Defence, Space & Security, Lockheed Martin Corporation, Raytheon Missiles & Defence kabi firmalar ham bor.
Bundan tashqari, XXR Savdo vazirligi 2 yanvar kuni yana bir bayonotni e’lon qilgan bo‘lib, unda o‘nlab chet el mudofaa kompaniyalari Tayvan hukumatini qurollanish bilan ta’minlagani bois ishonchsiz kontragentlar ro‘yxatiga kiritilgan.
AQSh Tayvan hukumatini harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlab keladi. O‘z navbatida Xitoy Amerika qurollarining yekazib berilishiga qarshi.
Eslatib o‘tamiz, dekabr boshlarida XXR harbiy sanoatga bog‘liq 13 Amerika kompaniyasi, shuningdek, olti nafar top-menejerga qarshi sanksiyalar joriy etilgandi va Pekin buni Tayvanga qurol sotilayotgani bilan izohlagan.