Bosh vazir matbuot kotibi O‘zbekistonda «xitoyliklar ko‘payib ketayotgani» haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi
Bekzod Hidoyatov Xitoy qatorida Germaniya, Fransiya, Turkiya, Hindiston, Eron, Saudiya Arabistoni, Malayziya kabi mamlakatlardan ham ko‘plab sarmoyadorlar kirib kelayotgani, bu rivojlanayotgan davlat uchun normal jarayon ekanini qayd etib, aholini provokatorlarning turli manipulyatsiyalariga berilmaslikka chaqirdi.

Foto: Bosh vazir matbuot xizmati
O‘zbekiston hukumati rasmiysi so‘nggi paytlarda O‘zbekistonda xitoyliklar ko‘payib ketayotgani, go‘yoki O‘zbekiston yerlari Xitoyga o‘tib ketayotgani haqida tarqalayotgan turli xabarlarga munosabat bildirdi.
Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov ushbu xabarlar yuzasidan Kun.uz ga bergan izohida O‘zbekiston avvalgidek yopiq davlat emasligini ta’kidlab, odamlardan biroz toqatli bo‘lishni, turli yolg‘on yoki provokatsion axborotlarga uchmaslikni so‘radi.
«Hozir butun dunyoda investitsiyalarning ko‘chishi kuzatilmoqda. Prezidentimiz sa’y-harakatlari bilan O‘zbekistonda iqtisodiyot rivojlanyapti. Ochiq va pragmatik siyosat olib borilyapti. Mamlakatga ko‘plab sarmoyadorlar kirib kelmoqda. Albatta, bu rivojlanayotgan davlat uchun normal jarayon.
Qolaversa, mamlakatimizga nafaqat Xitoy, balki boshqa davlatlardan, masalan, Germaniya, Fransiya, Turkiya, Hindiston, Eron, Saudiya Arabistoni, Malayziya kabilardan ham ko‘plab investorlar hamda tadbirkorlar kelib, faoliyat yuritmoqda.
Shu jumladan, o‘zbekistonlik tadbirkorlar yoki migrantlar turli davlatlarda, xususan, Xitoyda ham faoliyat yuritmoqda. Hozir dunyoning istalgan mamlakatida o‘zbek mahallalaridan tortib, o‘zbek tilida yozilgan nomlari magazin va milliy oshxonalarigacha topish mumkin.
Xitoy masalasiga kelsak, aholi soni bo‘yicha dunyoda yetakchi, hatto G‘arbiy Yevropa, Shimoliy Amerikada katta diasporalar bor. Lekin hech kim ularning xavfi borligi to‘g‘risida gapirmaydi. Shunday ekan bu borada hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q. Bu xuddiki markazlashgan holda uchinchi tomonning manfaati bilan boshqarilayotgan manipulyatsion kampaniyaga o‘xshaydi. Shuning uchun yurtdoshlarimizdan provokatorlarning turli manipulyatsiyalariga ishonmaslikni so‘raymiz.
Xitoy O‘zbekistonning tarixiy va yaqin hamkori hamda strategik sherigidir. U bizning hududiy yaxlitligimiz va suverenitetimizni hurmat qiladi hamda qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi. Hatto bu bo‘yicha alohida shartnoma ham imzolangan. Ya’ni, bundan vahima ko‘tarishga asos yo‘q.
Yana bir misol: O‘zbekistonda tahsil olayotgan talabalar orasida hindistonliklar ham ko‘pchilikni tashkil qiladi. Bugungi kunda, agar adashmasam, olti ming nafardan ziyod hindistonlik aynan O‘zbekiston OTMlarida tahsil olmoqda. Lekin bu degani O‘zbekistonni hindlar egallab oladi, degani emas-ku!
Qaytaraman, O‘zbekiston avvalgidek yopiq davlat emas. Odamlardan biroz toqatli bo‘lishni, turli yolg‘on yoki provokatsion axborotlarga uchmaslikni so‘raymiz», dedi Bekzod Hidoyatov.
Mavzuga oid

15:39 / 11.03.2025
Xitoy AQSh qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bojlar joriy qildi

22:37 / 10.03.2025
Chirchiqda sobiq texnikum binosi buzilib, o‘rnida Xitoy OTM filiali quriladi

09:21 / 10.03.2025
Xitoy O‘zbekistonda ta’lim va kasbga tayyorlash o‘quv markazini ochadi

22:47 / 08.03.2025