Qirg‘izistonda universal janglarni taqiqlash taklif etildi

Jahon 16:50 / 02.01.2025 5963

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev mamlakatda universal janglarni to‘xtatishga chaqirdi va ularning yoshlarga, butun jamiyatga salbiy ta’sirini qayd etdi.

Tashiyevning fikricha, universal janglar yoshlarda mushtlashuv, kuch ishlatish yoki do‘pposlash orqali hayotda muvaffaqiyatga erishish mumkin, degan noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otadi.

«Universal jang sport emas, balki mushtlashuvning bir turi. Bunday musobaqalar yoshlarda muvaffaqiyatga kuch va tajovuz orqali erishish mumkin, degan noto‘g‘ri ishonchni uyg‘otadi. Ta’lim va ilmga tayanadigan avlodni tarbiyalashimiz kerak», dedi Tashiyev.

U bunday faoliyat turi nafaqat axloqiy me’yorlarga, balki sog‘liq uchun ham xavfli ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, universal janglarning ko‘plab ishtirokchilari 40 yoshga borib nogiron bo‘lib qoladi.

Tashiyev sportchilar va yoshlarni jismoniy rivojlanishga yordam beruvchi va davlat darajasida qo‘llab-quvvatlanadigan olimpiya sport turlariga o‘tishga chaqirdi.

U, shuningdek, boshqa mamlakatlarda jang san’atining mashhurligi uchun bahonalarni rad etib, Qirg‘iziston o‘z qadriyatlari va ustuvorliklariga e’tibor qaratishi kerakligini ta’kidladi.

«Bir-birini do‘pposlash va mayib qilish – Islom dini nuqtai nazaridan ham noto‘g‘ri», dedi Tashiyev.

Shuningdek, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Olimpiya qo‘mitasi, sport birlashmalari hamda Madaniyat va sport ishlari vazirligi huzuridagi Sport ishlari boshqarmasiga mamlakatda universal janglarni cheklash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rishga chaqirdi.

Ko‘proq yangiliklar: