Qozog‘iston rasmiylari hozircha Azerbaijan Airlines (AZAL) samolyotining Oqtov shahri yaqinida halokatga uchragani haqidagi versiyalarni baholashdan o‘zini tiyib turibdi. «Biz bugungi kunda hech qanday versiyani tasdiqlay yoki rad eta olmaymiz», dedi Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari, aviahalokat sabablarini o‘rganish bo‘yicha hukumat komissiyasini boshqarayotgan Kanat Bozumbayev 26 dekabr, payshanba kuni Tengrinews muxbiriga. Keyinchalik, Oqtovda bo‘lib o‘tgan brifingda u «hech qanday versiyani rad etib bo‘lmaydi», deb takrorladi. Bozumbayevning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonda sodir bo‘lgan voqeaning rasmiy versiyasi yo‘q, Rossiya va Ozarboyjon o‘zlarinikini taqdim qilmagan.
«Ular bizga samolyot qush bilan to‘qnashgani yoki ichida portlash bo‘lgan degan xulosaga kelganda, tergov yakuniga yetkaziladi... Jurnalistik taxminlar va tadqiqotlar hukumatdagi ba’zi manbalarga asoslanadi. Ozarboyjonlik hamkasblar bilan aloqadamiz. Hech kimda hech qanday versiya yo‘q, hozircha hech qanday versiyani na Rossiyadan, na Ozarboyjondan olganimiz yo‘q», — dedi Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari.
Bokudagi deputat: Rossiya samolyot halokati uchun uzr so‘rashi kerak
Rossiya tomoni Azerbaijan Airlines (AZAL) fuqarolik samolyotini havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirgani uchun uzr so‘rashi kerak, dedi Ozarboyjon parlamenti deputati Rasim Musabekov 26 dekabr kuni kechqurun mahalliy Turan nashriga bergan intervyusida. «Samolyot Rossiya hududida, Grozniy osmonida urib tushirilgan va buni inkor etib bo‘lmaydi», — deyiladi Musabekov bayonotida. Deputat — Ozarboyjon Majlisining Xalqaro munosabatlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi.
Musabekovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada «vaziyatga adekvat munosabatda bo‘lish va uzr so‘rash» o‘rniga, «ba’zi odamlar o‘z izlarini yashirish uchun ommaviy axborot vositalarida muayyan harakatlar qilyapti». «Buni sodir etganlar jinoiy javobgarlikka tortilishi kerak, odamlarning o‘limi va qurbonlar uchun tovon puli to‘lanishi kerak, agar bu sodir bo‘lmasa, munosabatlar, albatta, boshqa darajaga o‘tadi», dedi parlamentariy.
Deputat, shuningdek, Ozarboyjon tomoni «2020 yilning 44 kunlik urushi» paytida Rossiya harbiy vertolyoti halokati uchun uzr so‘ragani va tovon to‘lagani, unga ko‘ra aybdorlar jazolanganini eslatdi. «Agar havo mudofaasi ishlagan bo‘lsa, unda hech kim uchib kelmasligi uchun aeroport yopilishi kerak edi», — dedi Musabekov.