Germaniyaning Der Spiegel jurnali Volkswagen kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 800 ming elektromobilning haydovchilariga oid ma’lumotlar internetda tarqalib ketganini ma’lum qildi.
Gap Volkswagen haydovchilari elektromobillarni boshqarishda foydalanadigan ilovadagi ma’lumotlar to‘g‘risida ketmoqda. Qariyb 800 ming mashina va ularning egalariga taalluqli ma’lumotlar Amazon bulutli omborida himoyasiz holatda saqlangan.
Ta’kidlanishicha, ochiq internetda nemis siyosatchilari, tadbirkorlar, politsiyachilar va hatto razvedka xodimlarining ham ma’lumotlari paydo bo‘lgan. Tarqalgan ma’lumotlar yordamida Volkswagen mijozining shaxsiy ma’lumotlarini bilib olish, shuningdek, ularning Germaniya, Norvegiya, Shvetsiya, Buyuk Britaniya, Isroil, Ukrainadagi avtomobillarini kuzatish mumkin bo‘lgan.
Ma’lumotlar Cariad kompaniyasi — Volkswagen uchun dasturiy ta’minotni ishlab chiqqan pudratchining xatosi sabab tarqalgan. Chaos Computer Club (internetdagi zaifliklarni qidiradigan nodavlat tashkilot) mutaxassislari kompaniyaga murojaat qilganidan keyin ushbu ma’lumotlar zudlik bilan yopib qo‘yilgan.
Avvalroq Burger King tezkor ovqatlanish restoranlar tarmog‘i mijozlarining ma’lumotlari internetga sizdirilgani, shuningdek, internetda 2014 yildan 2023 yilgacha bo‘lgan davrda rossiyaliklarning chegarani kesib o‘tgani haqida ma’lumot paydo bo‘lgani to‘g‘risida xabar berilgandi.