«Qarorlari majburiy kuchga ega emas» - Oliy ta’lim vazirligi nodavlat OTMlardan pul so‘ragan kengash haqida

O‘zbekiston 01:10 4775

Respublika oliy ta’lim kengashining 2024 yilning 29 noyabr kuni tasdiqlangan bayonnomasida nodavlat oliygohlar kontraktidan tushadigan mablag‘ning 4 foizini Oliy ta’lim kengashiga o‘tkazish taklif qilingani to‘g‘risida xabar berilgandi. Huquqshunoslar nodavlat OTMlar buni to‘lashga majbur emasligini ma’lum qildi. O‘zLiDePdan Dilmurod Ortiqov holat bo‘yicha oliy ta’lim vaziri va bosh prokurorga deputatlik so‘rovi yubordi.

Vazirlik munosabatida aytilishicha, Respublika oliy ta’lim kengashi nodavlat notijorati tashkiloti sifatida faoliyat yuritib, davlat funksiyalarini amalga oshirmaydi va qarorlari majburiy kuchga ega emas. U o‘z faoliyatida O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlariga amal qiladi hamda faqat tavsiyaviy xarakterga ega takliflar ishlab chiqadi.

Kengashning asosiy faoliyat yo‘nalishlari ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida respublika oliy ta’lim muassasalarining faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash, ta’lim sifatini ta’minlash yuzasidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, oliy ta’lim tizimida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va ularning ilmiy-innovatsion faoliyatini rivojlantirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish, oliy ta’lim muassasalarining milliy va xalqaro reyting ko‘rsatkichlarini muntazam tahlil qilib borish va ularni xalqaro reytinglarga kirishiga ko‘maklashish va boshqalar hisoblanadi.

Ta’kidlanishicha, muhokamaga sabab bo‘lgan nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt shaklidagi o‘qitishdan tushadigan mablag‘larning 4 foizini oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirish majburiyati ko‘zda tutilmagan. 

«Har qanday mablag‘ bilan bog‘liq harakatlar va munosabatlar tegishli shartnomalar asosida amalga oshirilishi mumkin. Bunda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik qonunchiligi shartnoma erkinligini kafolatlaydi. Kengash doirasida yoki qonunchilikka muvofiq bunday munosabatlarni majburlash uchun mexanizmlar mavjud emas. Shu bois, har qanday moliyaviy va huquqiy harakatlar tomonlarning ixtiyoriy kelishuvlari asosida amalga oshirilishi tabiiy holatdir», — deya qayd etiladi munosabatda.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi kengash tomonidan qabul qilingan qarorlarni nodavlat notijorat tashkilotning ichki ishi sifatida baholaydi.

Shuningdek, vazirlik har qanday moliyaviy harakatlar yoki manfaatlar poymol etilishi holatlari bo‘yicha murojaatlar qabul qilishga va ularni belgilangan tartibda ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirgan. 

Ko‘proq yangiliklar: