Migrantlar allaqachon Rossiyadan boshqa tomonga qaramoqda – rossiyalik gubernator

Jahon 13:10 / 27.12.2024 14451

Rossiyaga ishlash uchun borishi mumkin bo‘lgan O‘zbekiston aholisi hozirdanoq «biz tomonga unchalik ham intilmayapti», dedi Voronej oblasti gubernatori Aleksandr Gusev yil yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat rasmiylari O‘zbekiston fuqarolarini Rossiyaga ishlashga jalb qilish borasida o‘zaro hamkorlik qilishi kerak.

«Agar biz O‘zbekiston fuqarolarini Rossiyada ishlashga jalb qilish borasida hamkorlik qilmasak, ularni yo‘qotamiz. Ular allaqachon boshqa tomonga qaramoqda», dedi gubernator.

Rossiyaga migrantlar kerak, ammo ularni «uyushgan holda yollash» zarur, deb hisoblaydi mintaqa rahbari. «Agar nafaqat ishlashga qodir bo‘lgan, balki bizning hayot tarzimizni qabul qilishga va til o‘rganishga tayyor odamlarni tanlasak ko‘p narsa hal bo‘ladi. Agar oilaviy bo‘lib kelsalar, farzandlariga til o‘rgatadilar, shunga yarasha qonunlarimizga ham amal qiladilar», dedi Gusev.

Voronej oblasti gubernatori so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaga kelishni istagan har bir kishining mamlakatga kirishiga ruxsat beraverish shart emas. Shu bilan birga, agar yo‘l «zich panjara» bilan yopilsa, migrantlar baribir kelaveradi, ammo ularning ba’zilari mamlakatga kerak bo‘lmaydi.

«Ya’ni, mutlaqo malakasiz odamlar xufiyona kirib oladi. Ular qandaydir ikkinchi darajali ishlarda mehnat qiladi. Bu eng yomon variant bo‘ladi. Shaffof jarayonlardan o‘tgan ma’qul - biz kimni olib kelmoqchi ekanimizni, ular qayerda ishlashini tushunishimiz lozim. Shunda ular bu yerda nazoratsiz qolmaydi», deb xulosa qildi Gusev.

Rossiyada migratsiya siyosatining keskinlashuvi shu yil bahorda, «Krokus Siti Xoll» konsert zalida uyushtirilgan teraktdan so‘ng boshlandi. Bu teraktni amalga oshirganlikda Tojikiston fuqarolari ayblanmoqda. Teraktdan keyin noqonuniy migratsiyani tashkil etganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi, mehnat migrantlari ishlaydigan sohalar soni qisqartirildi va migrantlar faoliyatini cheklovchi boshqa ko‘plab qonunlar qabul qilindi. Shundan so‘ng, Rossiya IIV mamlakatdan chiqib ketayotgan mehnat migrantlari soni ko‘payganini ma’lum qildi.

Ko‘proq yangiliklar: