Kinematografiya agentligi rahbari Shuhrat Rizayevning aytishicha, hozirda uzatilayotgan kino va seriallarda ochiq sahnalar ko‘payib ketgan. Rasmiy vakil bularga cheklov yo‘qligi sabab odamlarning axloqiy jihatdan fikri buzilayotganini bildirdi. U “ma’naviyat ekspertizasi” puxta maqsadlar bilan ishlab chiqilganini ta’kidlab, kun tartibiga yana qaytishi mumkinligiga ishora qildi.
24 dekabr kuni AOKAda Madaniyat va turizm vazirligi va uning tuzilmaviy tashkilotlari matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda qatnashgan vazir Ozodbek Nazarbekov Kun.uz muxbirining nima sabab vazir ijodkorlarni cheklashga qarshi bo‘la turib, “ma’naviyat ekspertizasi” o‘tkazilishiga rozi bo‘lgani haqidagi savoliga javob berdi.
Nazarbekovga ko‘ra, odamlarning fikrini bilish va hujjatni muhokamaga chiqarish uchun ham vazirning roziligi kerak bo‘lgan. Shu asosda qaror loyihasi e’lon qilingan.
“[Bu] Ma’naviyat va ma’rifat markazi tashabbusi bo‘ldi. Xo‘p, buni birinchidan e’lon qildik, bekorga e’lon qilmagandik. Chunki miyamning teng yarmida bu [ma’naviyat ekspertizasi bo‘lishi kerak degan] fikr, teng yarmida bu [bo‘lmasligi kerak degan] fikr bor edi. Qaysi ma’noda, ya’ni jamiyatning teng yarmi buni so‘rayapti, teng yarmi esa buni so‘rayapti. Shuning uchun biz muhokamaga qo‘ydik. Muhokamaga qo‘yish uchun men rozi bo‘lishim kerak, men rozi bo‘lmasam muhokamaga chiqmas edi. Shuning uchun men rozi bo‘lib, “marhamat, muhokamaga qo‘yaylik, xalq qanday qabul qiladi?” degan ma’noda [bo‘lgandi].
Mening o‘rnimga ham o‘zinglarni qo‘yinglar, masalan. Bitta obekt bo‘yicha jamoatchilikda 2 xil fikr bor. Bittasi buni yo‘qot, desa, bittasi tegma, deydi. Xalq bu, bizning xalqimiz talab qilyapti shuni. Demak, bizdan “shunga rozimisizlar?” degan e’lon berish lozim edi. Buni berishimiz kerak edi, shu ma’noda. Bu yerda aniq mening strategiyam demoqchi emasman, lekin umumiy jamoatchilikning fikrini bilishimiz kerak edi”, – dedi vazir.
Tadbirda ishtirok etgan Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev ham ayni masalada o‘z fikrini bayon qildi. Unga ko‘ra, “ma’naviyat ekspertizasi” O‘zbekistonga kerak.
“Ma’naviy ekspertiza" degan masala osmondan tushgani yo‘q. Bu narsa nihoyatda o‘ylab, puxta maqsadlar bilan joriy etildi va muhokamaga tashlandi. Muhokamada hali takomiliga yetmaganki, uni yana ko‘raylik, o‘zgartiraylik, boshqacharoq shakllarni taklif qilaylik, degan mulohazalar bo‘ldi. U juda o‘rinli mulohazalar. Lekin shu narsa bizga kerak.
Agar biz o‘sha ota-bobolarimizning avlodi, ota-onamizning farzandi, farzandlarimizning otasi, bobosi bo‘lib, avlodlarning davomiyligi davom etadigan bo‘lsa, biz bu masalalarga, albatta, jiddiy qarab, yo‘lga qo‘yib olishimiz kerak. Seriallar nihoyatda katta bir buzg‘unchilik sari yo‘l ochyapti. To‘g‘ri, hayotda nimalar bo‘lmasligi mumkin. Lekin hamma narsani ham shunday ekan deb ko‘rsatib bo‘ladimi?” – dedi u.
Shuhrat Rizayevning aytishicha, kino va seriallarda ochiq sahnalar, tabuga aylangan so‘zlardan foydalanish ortgan va normaga aylanib bormoqda. U bularni tartibga solish uchun 2025 yildan boshlab seriallarni namoyish etishda qator tashkilotlar bilan kelishilishi yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi.
“Mana shularni o‘ylab, to‘g‘risi, juda jiddiy mulohazalar aytilyaptiki, seriallar xususida ayniqsa... Bilasizlar, muhtaram prezidentimiz bir necha marta yig‘ilishlarda aytdilar. Shuning uchun biz yangi yildan bizga seriallar uchun berilayotgan subsidiya mablag‘larini Ijtimoiy himoya agentligi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, mahalla, davlat televideniyesi va nodavlat-notijorat televideniyelar – hamma vakillar ishtirokida muhokama qilib, o‘shalarning kengashi asosida seriallarni belgilamoqchi bo‘lyapmiz.
Agar shu yo‘ldan borsak, mening nazarimda to‘g‘ri bo‘ladi. Bugun ayniqsa Ijtimoiy himoya agentligini tashkil etgani hayotimizda judayam bir sezilarli hodisa bo‘lyapti. Mana shu agentlik bilan birgalikda juda katta maqsadlarni ko‘zlab turibmiz, o‘ylaymizki, seriallar masalasida keyingi yilda amalga oshiradigan rejalarimiz dunyoqarashimiz, tasavvurlarimizga o‘zining ta’sirini o‘tkazadi”, – dedi Rizayev.
Eslatib o‘tamiz, biroz avvalroq mediamahsulotlarini “ma’naviy ekspertiza”dan o‘tkazishga doir qaror Adliya vazirligi tomonidan bekor qilindi.
Vazirlik bu hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaganini va shu sabab huquqiy oqibatlarga olib kelmasligini ma’lum qilgandi.