Havayi shtatidagi Kilauea vulqoni harakatga keldi, deb xabar beradi CNN. AQSh Geologiya xizmatining ma’lum qilishicha, vulqon mahalliy vaqt bilan soat 02:00 larda faollashgan.
Bayonotda aytilishicha, vulqon faolligi kun bo‘yi davom etgan, ammo uning otilishi mahalliy aholiga hech qanday xavf tug‘dirmagan.
Lava taxminan 650 akr yerni qoplagan, shuningdek, vulqon otilishi oqibatida katta miqdorda gaz ajralib chiqishi ham kuzatilgan.
Bundan tashqari, takroriy faollik ehtimoli tufayli vulqon diqqat bilan kuzatilmoqda. Kilauea — dunyodagi eng faol vulqonlardan biri bo‘lib, u 1983 yildan beri harakatda.
Vulqon cho‘qqisi Milliy bog‘ning yopiq hududida joylashgan, shu bois lava odamlar hamda aholi punktlariga xavf tug‘dirmaydi. Ammo mutaxassislar suv bug‘lari, karbonat angidrid va oltingugurt dioksidining ortishi shamol orqali tarqalishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Bunday holatda vulqon smogi hosil bo‘ladi. Shuningdek, aviareyslarni tahdiddan boxabar qilish maqsadida «aviatsiya qizil kodi» e’lon qilingan.
Eslatib o‘tamiz, noyabr oyida Islandiyadagi Reykyanes yarimorolida joylashgan vulqon yettinchi marotaba harakatga kelgandi. O‘shanda vulqon otilishi oqibatida hukumat Grindavik shahri aholisini evakuatsiya qilish bo‘yicha qaror qabul qilgan.