Indoneziyaning Flores orolida vulqon otilishi oqibatida 10 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar milliy agentligi xabar berdi.
Levotobi Laki-Laki vulqoni 4 noyabr kuni kechqurun harakatga kelgan va kul ustunlari 2 ming metr balandlikka qadar otilgan. Ta’kidlanishicha, vulqon otilishi oqibatida yaqin atrofdagi aholi punktlarida yong‘in chiqqan.
AFP agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, kamida beshta qishloqning aholisi evakuatsiya qilingan, vulqon atrofidagi uylarni qalin kul qatlami qoplagan.
Indoneziya tabiiy ofatlar agentligi (BNPB) vakili Abdul Muxarining ma’lum qilishicha, vulqonning otilishi 10 mingdan ortiq fuqaroga ta’sir ko‘rsatgan. BNPB mamlakatdagi eng yuqori ogohlantirish darajasini e’lon qildi va odamlarni vulqon krateridan kamida 7 kilometr uzoqlikda turishga chaqirdi.
Oktyabr oxirlarida Indoneziyadagi eng faol vulqonlardan biri Marapi harakatga kelgandi. Taxminan 2,9 ming metr balandlikda joylashgan vulqon yanvar oyidan beri ikkinchi ogohlantirish darajasida bo‘lib kelayotgandi Lavaning otilishi xavfi sabab alpinistlar va mahalliy aholiga kraterga 3 kilometrdan yaqinroq borish taqiqlangan.