Oy Butunjahon yodgorliklar fondi ro‘yxatiga kiritildi

Jahon 15:00 596

Butunjahon yodgorliklar fondi (WMF)ning 2025 yilgi ro‘yxatiga 25 ta obekt kiritildi: ular orasidan ilk bor koinotdagi obekt — Oy o‘rin oldi.

2027 yil o‘rtalariga mo‘ljallangan NASA'ning Artemida III missiyasidan keyin Oy sathiga xususiy sayohatlar ko‘payishi kutilmoqda.

Bu tashriflar va hukumatlar tomonidan moliyalashtiriladigan boshqa missiyalar WMF uchun asosiy tashvish manbayi hisoblanadi. Ayniqsa, 1970 yillarda Nil Armstrong va Bazz Oldrin Oyda qoldirgan yodgorliklarni shikastlashi mumkin bo‘lgan sayyohlar alohida xavotir uyg‘otmoqda.

“Oy birinchi marta ro‘yxatga kiritildi... Insoniyatning Yerdan tashqaridagi dastlabki qadamlarini tasdiqlovchi artefaktlarni tan olish va saqlashning muhim zaruratini aks ettirish uchun shunday qilindi. Oyga televizion qo‘nishni tasvirga olgan kamera, Armstrong va Oldrin astronavtlari qoldirgan esdalik disk hamda boshqa yuzlab narsalar ushbu merosning ramzlari hisoblanadi”, — deb ta’kidladi WMF prezidenti va bosh ijrochi direktori Benedikt de Monlor.

Bu yilgi ro‘yxatda muntazam vayron etilayotgan G‘azodagi tarixiy shahar, 2022 yilda raketa hujumi oqibatida buzilgan Kiyev o‘qituvchilar uyi ham bor.

Shuningdek, ro‘yxatga yaqin vaqtlarda sodir bo‘lgan tabiiy ofatlardan keyin tiklanayotgan joylar kiritilgan. Bularga 2023 yil fevralda zilziladan vayron bo‘lgan Turkiyaning Antakya shahri, 2024 yil yanvarda kuchli zilziladan zarar ko‘rgan Yaponiyadagi Noto yarimoroli kiradi. Bundan tashqari, And tog‘larida tosh yotqizilgan tog‘ yo‘llari tizimi, Fransiyadagi Sorbonna ibodatxonasi, Albaniyadagi Drino daryosi vodiysidagi monastirlar va boshqa obektlar ham ro‘yxatdan joy olgan.

Ko‘proq yangiliklar: