Rossiya mustamlakachiligi o‘zining behad zulmkorligi, qabohati bilan Turkiston xalqlari qalbida o‘chmas dog‘ qoldirgan. Yillar davomida mahalliy aholi zulm ostida ushlab turilgan, istiqlol va erk tuyg‘ulari so‘ndirilgan. Ammo yurtning jasur va mard o‘g‘lonlari bosqinchilar ko‘ziga tik boqib, o‘lka xalqlarining erki va ozodligi uchun kurashgan. Ana shunday qahramonlardan biri – Madaminbek edi.
Madaminbekning asl ismi – Muhammad Aminbek. U 1892 yilda Marg‘ilon yaqinidagi So‘kchilik qishlog‘ida tug‘ilgan. Otasi Ahmadbek hunarmandchilik bilan shug‘ullanib, katta savdo do‘koniga ham egalik qilgan. Ahmadbekning ota-bobolari Qo‘qon xonligi davrida turli yuqori lavozimlarda ishlagan.
Ayrim manbalarda Madaminbekning onasi o‘z hovlisida maktab ochib, otinoyi sifatida yosh qizlarni o‘qitgani haqida ma’lumotlar uchraydi. Madaminbekning Maqsudali va Mamadali ismli ikki akasi, Mehriniso va Mayramniso ismli ikki opasi ham bo‘lgan. Bo‘lajak qo‘rboshi Marg‘ilondagi maktab va mahalliy madrasani tugatgach, tahsilni davom ettirish uchun Buxoroga jo‘nab ketadi.
Madaminbekning surgun qilinishi
Tarixchi Qahramon Rajabovning ma’lumotlariga ko‘ra, Madaminbek Birinchi jahon urushi arafasida Rossiya imperiyasining mustamlakachilik zulmiga qarshi Farg‘ona vodiysida ko‘tarilgan turli g‘alayon va isyonlarda faol qatnashgan. Shuning uchun o‘lkadagi rus politsiyasi uni 1914 yilda qamoqqa oladi. Sud Madaminbekning bo‘yniga qilmagan jinoyatlari – qotillik va o‘g‘rilikni ham ilib, uni Sibirning Nerchinsk shahriga 14 yil muddatga surgun qiladi.
Shunday qilib, yosh Madaminbek hayotining uch yili dahshatli Sibir o‘rmonlarida o‘tadi. Biroq bo‘lajak qo‘rboshi uchun bu yillar izsiz ketmadi. Aynan Sibirdagi og‘ir va mashaqqatli hayot uni kelgusi kurashlar uchun chiniqtirib, yurt ozodligi uchun bo‘ladigan hayot-mamot janglariga tayyorlaydi. 1917 yildagi fevral inqilobidan keyin Madaminbek siyosiy mahbus sifatida ozod qilindi va u Marg‘ilonga qaytib keldi.
Bolsheviklarga qarshi kurashning boshlanishi
Surgundan qaytgan Madaminbek dastlab Marg‘ilonda militsiya boshlig‘i etib tayinlanadi. O‘lka xalqlarining xohish-irodasi sifatida vujudga kelgan Turkiston Muxtoriyatining qonga belanishi, yurt farzandlarining qirg‘in qilinishi, Qo‘qon shahri va uning atrofidagi qishloqlar aholisining ayovsiz talon-toroj qilinishi uning sabr-kosasini to‘ldiradi.
1918 yilning mart oyi boshlarida Madaminbek o‘z militsionerlari bilan istiqlolchilar safiga o‘tadi. Keyinchalik u o‘z qarorini shunday izohlagan edi:
“Dastlab sho‘rolarga xayrixoh musulmon qo‘shinlarini qo‘llab-quvvatlashni zarur deb hisobladim, ya’ni bolsheviklar hokimiyatini xalq uchun eng yaxshi va foydali deb o‘yladim. Lekin keyinchalik shuni angladimki, bolsheviklar faoliyati faqat boylar, dehqonlar va kambag‘allarni talashdan iborat ekan. Shuning uchun ham men bolsheviklar xizmatini tashladim va Eski Marg‘ilon hukumati qo‘rboshiligidan ketdim”.
U Toshloq qasabasidagi G‘orbuvo qishlog‘ini o‘ziga qarorgoh qilib olib, qizil gvardiyachilar bilan dastlabki janglarini boshlab yuboradi. Keyinchalik, G‘orbuvoni o‘rinbosari Shermuhammadbek ixtiyoriga qoldirib, qarorgohini Baliqchiga ko‘chiradi. Chunki bu hudud vodiyning to‘rt yirik muzofoti – Qo‘qon, Namangan, Andijon, va Marg‘ilon hududlari o‘zaro tutashgan, butun vodiyni nazorat qilib turish mumkin bo‘lgan, muhim strategik ahamiyatga ega joy edi. Tez orada Madaminbekning qo‘shini 4000 kishiga yetadi.
Lashkarboshi o‘zining o‘sib borayotgan qo‘shinida beboshlik, talonchilik va boshqa salbiy holatlarning oldini olish uchun qozi va muftiylar yordamida maxsus “Nizomnoma” tuzadi. U yangi qo‘shilgan har bir qo‘rboshini ushbu “Nizomnoma” bilan tanishtirib, unga amal qilish uchun imzo qo‘ydirib olgan. Afsuski, bu muhim hujjatning biror nusxasi arxivlarda ham, odamlar qo‘lida ham saqlanib qolmagan.
Madaminbekning “Amir al-muslimin”ga aylanishi
Navqiron yoshda bo‘lishiga qaramasdan yurt kezgan, harbiy sarkardalik iste’dodiga ega Madaminbek tez orada vodiy kurashchilari sardoriga aylanadi.
Sovetlarning rasmiy hujjatlaridan birida ta’kidlanishicha, “o‘z oldiga sovet hokimiyatini ag‘darish va Farg‘ona muxtoriyatini tiklash vazifasini qo‘ygan” Madaminbek tadbirkor siyosatchi va uddaburon tashkilotchi fazilatlariga ega edi. “U bizning rahbarlik faoliyatimizda yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklarimizdan ustalik bilan foydalanardi. Uning o‘z “boshqaruv” apparati, o‘zining “tribunali”, o‘zining “genshtabi” bo‘lgan. U qonunlar chiqargan”, deb e’tirof qiladi Madaminbekka qarshi kurashgan Gramatovich. Buni boshqa qizil qo‘shin boshliqlari ham tan olgan.
Madaminbek o‘zining qattiqqo‘l siyosati, tashkilotchilik faoliyati va eng muhimi, o‘lkada kechayotgan ijtimoiy-siyosiy va harbiy vaziyatni to‘g‘ri baholay olishi bilan ajralib turardi. Buning ustiga aniq vaziyatga muvofiq keladigan amaliy harakatlarni qo‘llay olishi, safdoshlariga o‘z ta’sirini o‘tkaza olishi ham uni ko‘p o‘tmay butun Farg‘ona jangovar kurashchilarining nufuzli rahbariga aylantiradi. 1919 yilning o‘rtalariga kelib uning yigitlari soni 25 ming kishidan oshadi.
Farg‘ona, Marg‘ilon, Andijon, Namangan, O‘sh kabi hududlarda harakat qilayotgan taniqli rahnamolar, ularning jangchilari Madaminbekning yashil bayrog‘i ostiga birlasha boshlaydi.
Madaminbekning askarlari ayniqsa 1919 yilning birinchi yarmida sovet qo‘shinlariga qarshi bir qator sezilarli zarbalar beradi. Xususan, yanvarda Marg‘ilon, fevralda Farg‘ona va Chust shaharlarining Madaminbek tomonidan egallanishi va bir qator muhim amaliy tadbirlarning o‘tkazilishi uning obro‘sini yanada oshirib yubordi. 1919 yil aprel oyida uning askarlari Namangan va Qo‘qon shahri atroflaridagi janglarda ham g‘olib bo‘ladi.
Madaminbek qo‘shinidagi yigitlar jasur va sodiq jangchilar bo‘lsalar-da, ularning aksariyati umrida pichoq, ketmon va panshaxadan boshqa qurol ishlatmagan, jang taktikasidan bexabar bo‘z yigitlar edi. Mahalliy millat vakillari ichida harbiy mutaxassislar deyarli yo‘qligi sababli, Madaminbek o‘ylab-o‘ylab sobiq rus podshohining armiyasi zobitlaridan foydalanishga qaror qiladi. Vodiyda bolsheviklar hokimiyatini tan olmagan, ularga qo‘shilmagani uchun ta’qibga uchragan rus harbiylari juda ko‘p bo‘lgan. Madaminbek ularning huzuriga odam yuborib, umumiy dushman, ya’ni bolsheviklarga qarshi birlashishni taklif qiladi. Shundan so‘ng, Monstrovning rus krestyanlari (dehqonlari)dan tashkil topgan ancha ta’sirli harbiy qismlari Madaminbek kuchlari bilan birlashadi. Bu otryad tog‘ sharoitida jang qilishga mohir yigitlardan iborat bo‘lib, “Bo‘ri galasi” degan nom olgan edi.
Bunga qadar sovetlarga qarshi harakat saflarida yerli millat vakillari kurashib kelayotgan bo‘lsalar, endilikda ularga sovetlar siyosatidan keskin norozi bo‘lgan rus dehqonlari ham qo‘shila boshlaydi. Bu o‘zgarish 1919 yil oktyabrida Pomirning Ergashtom ovulida Madaminbek tarafdorlari tashabbusi bilan “Farg‘ona muvaqqat muxtoriyat hukumati” tuzilishida ham o‘z ifodasini topgandi. Hukumat tarkibi 24 kishidan iborat bo‘lib, uning 16 nafari mahalliy millat vakillaridan va 8 nafari ruslardan tarkib topadi. Farg‘ona hukumati boshlig‘i va musulmon qo‘shinlari bosh qo‘mondoni etib Madaminbek saylanadi.
1919 yilda Farg‘ona vodiysida 150 taga yaqin musulmon jangovar qismlari faoliyat yuritgan bo‘lib, ularni 4 nafar yirik lashkarboshi: Madaminbek, Katta Ergash, Shermuhammadbek va Xolxo‘ja eshon boshqargan. Xususan, Madaminbekning qo‘l ostida 30 mingga yaqin, Shermuhammadbekda 20 ming, Katta Ergash qo‘rboshida esa 8 ming jangovar qo‘shin bo‘lgani ma’lum.
To‘rt qo‘rboshi oktyabr oyi oxirida ular Andijonga yaqin Oyimqishloqda qurultoyga to‘planib, o‘z qo‘mondonliklarini birlashtirishga qaror qilishadi. Qurultoyda islom qo‘shinlarining bosh qo‘mondoni – “Amir al-muslimin” etib Madaminbek saylandi.
Lekin bu birlik amalda ishlamaydi. Farg‘ona vodiysidagi milliy-ozodlik harakatining dastlabki rahbarlaridan bo‘lgan va harbiy qudrati zaiflashgan Katta Ergash o‘rniga Madaminbekning “Amir al-muslimin” etib saylanishi qisqa vaqt ichida o‘rtada nizo keltirib chiqaradi. Arazlagan Katta Ergash qo‘rboshi qurultoy qaroriga bo‘ysunmasligini e’lon qilib, o‘z holicha kurashni davom ettirishni ma’qul ko‘radi. Ko‘p o‘tmay Xolxo‘ja eshon ham o‘z kuchlarini ajratib, mustaqil faoliyat ko‘rsata boshlaydi.
Madaminbek harbiy va moddiy yordam so‘rab Buxoro amiri Said Olimxon va Xiva “xoni” Junaydxon bilan muzokaralar olib borgan. Afg‘oniston va Turkiyaga o‘z vakillarini jo‘natgan. Ammo hech qanday yordam ololmagan.
Skobelev bitimi va Madaminbekning o‘ldirilishi
Sovet rejimi Turkistondagi milliy ozodlik harakatiga qarshi kurashish uchun Rossiya markazidan doimiy ravishda Turkistonga yangi-yangi qizil askar qismlarini tashlagan.
1920 yil boshiga kelib Farg‘ona vodiysida jangovar tashabbus qizil armiya qo‘liga o‘tadi. Sovet qo‘shinlari Katta Ergash, Madaminbek, Shermuhammadbek va Xolxo‘ja kuchlariga sezilarli zarbalar beradi. Jumladan, 1920 yil yanvarida qizillar Katta Ergash kuchlariga zarba berib, uning tayanch markazi Bachqirni egallaydi. Xuddi shu vaqtda sovet qo‘shini Monstrovning dehqonlar armiyasini tor-mor etib, Gulcha qal’asini ishg‘ol qiladi. Ayni paytda qizillar Norin va Qoradaryoning qo‘shilish joyida Madaminbek askarlariga qarshi muvaffaqiyatli jang qilib, unga katta talafot yetkazadi.
Tengsiz dushman bilan kurashni davom ettirishning mushkulligi, oddiy xalq hayotining nochorlashib borayotgani ayrim kurash rahnamolarini faol harakatlarni vaqtincha to‘xtatib, boshqacha yo‘l izlashga, sovet tomoni bilan o‘zaro kelishuvlarga undadi.
Ayyor sovet hukumati taklifiga ko‘ra, 1920 yil 6 mart kuni Madaminbek va Veryovkin-Raxalskiy o‘rtasida Skobelev shahrida yarash bitimi imzolandi. Bu sulh shartlariga asosan, Madaminbek o‘z harakatlarini to‘xtatdi. Uning 1200 nafardan ziyod askar yigitlarining daxlsizligi, o‘z qurol-yarog‘lariga ega bo‘lishi, kerak bo‘lganda ularning vodiyda tinchlik, barqarorlik o‘rnatishda o‘z rahnamosi yetakchiligida faol ishtirok etishi ko‘zda tutilgan edi.
Qo‘rboshining keyingi taqdiri haqida turli manbalarda bir-birini inkor etuvchi ma’lumotlar uchraydi. Xususan, sovet davrida yozilgan kitoblarda Madaminbek muzokara o‘tkazish uchun borgan chog‘ida Shermuhammadbekning buyrug‘i bilan Xolxo‘ja tomonidan sotqinlikda ayblanib otib tashlangani keltirilgan. Turk tarixchisi Ali Bodomchi o‘zining ikki jildlik “Qo‘rboshilar” asarida Madaminbekning o‘ldirilishini sovetlar uyushtirganini keltirib, qotillik ruslarga sotilgan Soyib qori va Lutfullo maxdum tomonidan amalga oshirilganini yozgan.
Garchand Farg‘onada sovetlarga qarshilik undan keyin ham yangi-yangi kuchlar bilan turli tarzda davom etgan bo‘lsa-da, kurash avvalgidek keng qamrovli jangovar, hujumkor yo‘nalish kasb etolmagan.
Manbalarga ko‘ra, Madaminbekning o‘limidan keyin, unga hurmati baland bo‘lgan qirg‘izlar qo‘rboshining tanasidan judo qilingan boshini sovetlardan sotib olib, uni izzat-ikrom bilan dafn qilishgan. Uning qabri hozirgi Qirg‘izistonning Shig‘ay qishlog‘ida.
Madaminbekning sovet davrida uzoq vaqt qarovsiz qolgan qabrini 1994-1996 yillarda hofiz Dadaxon Hasanov boshchiligidagi bir guruh farg‘onaliklar ziyorat qilib, atrofiga panjara va qabrtosh o‘rnatishgan.
Qabrtoshga quyidagi so‘zlar yozilgan:
Turing begim, gunohlarni yuvaylik,
Bosqinchini Ona yurtdan quvaylik!
2018 yilda yozuvchi Baxtiyor Abdug‘ofurning qo‘rboshi haqida “Qonli gullar vodiysi: Madaminbek” romani nashr etildi. Asarda Muhammad Aminbekning hayot yo‘li to‘liq ochib berilgan.
Doston Ahrorov tayyorladi