7 dekabr O‘zbekiston Bosh prokuraturasining «O‘zbekiston prokuraturasi tarix muzeyi»da qatag‘on qurbonlariga bag‘ishlangan yangi ekspozitsiyalarning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldashev, prokuratura tizimining faxriylari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari hamda jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Kun.uz muxbirining xabar berishicha, ayni vaqtda muzeyi kengaytirilib, unda qatag‘on qilingan prokuratura xodimlarining hayoti va faoliyati aks ettirilgan noyob eksponatlar ham kiritilgan.
«Zotan, ko‘plab millat va elatlar qatori bizning xalqimiz ham yaqin o‘tmishdagi mustamlakachilik davrida sodir etilgan ommaviy mudhish qatag‘onni ilgari hech qachon ko‘rmagan. 1937 – 1953 yillarda mustabid tuzum tomonidan 100 mingdan ziyod xalqimiz vakillari qatag‘on siyosatining qurboni bo‘lgan. Bu yurtdoshlarimizning 13 ming nafari otib tashlangan, minglab kishilar nohaq quloq qilingan, surgunlarga jo‘natilgan.
Muhtaram Prezidentimizning ular xotirasini abadiylashtirishga kuyunchaklik bilan yondashayotganlari ham bejiz emas. Zero, bugun dunyoning turli nuqtalarida o‘sha davrlarni qo‘msaydigan guruhlar paydo bo‘lmoqda, mustabid tuzum uslublarini ideallashtirishga intilish kuchaymoqda.
Xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz shahid ketgan ajdodlarimiz hayoti va faoliyati misolida haqiqatni anglab yetmasa, bugungidek erkin hayotning qadrini to‘liq anglamasligi, turli fitnalarning navbatdagi qurboni bo‘lishi mumkin», — dedi Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldashev.
Ma’lum qilinishicha, sho‘rolar qatag‘onlarining dahshatli davrida minglab begunohlar qatorida prokuratura tizimi vakillari ham ko‘plab musibatlarga duchor bo‘lgan. Xususan, mahalliy xodimlarning qariyb 200 nafariga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, 30 nafari otib tashlangan. Bugungi kunda ular haqida turli ma’lumotlar, hujjatlar to‘planib «Tarixiy xotira beqiyos» nomli kitobning 2-jildi nashr etildi. Unda shahid ketgan xodimlarning hayoti, faoliyati haqidagi muhim ma’lumotlar o‘rin olgan.
Bosh prokuraturaning kengaytirilgan tarix muzeyida esa Qatag‘onga uchragan prokuratura xodimlariga bag‘ishlangan ekspozitsiya 20 ga yaqin stend, 30 dan ortiq maxsus mulyajlar hamda sahnalardan iborat.
Mazkur bo‘limda 1930 – 80 yillarda turli soxta ayblovlar bilan qatag‘on mashinasining qurboni bo‘lgan tuhmat va bo‘htonlar bilan ishidan mahrum qilingan 100 dan ortiq prokuratura xodimining taqdiri arxiv manbalari va dalillar orqali ko‘rsatilgan.
Rasmlar muallifi: Farrux Absattarov