Prezidentning “Davlat xaridlarida ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularga keng imkoniyatlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2025 yil 1 yanvardan boshlab ochiq va shaffof Ishlab chiqaruvchilar ekotizimi joriy qilinadi:
- hududlar va tovarlar kesimida ishlab chiqaruvchilar to‘g‘risidagi sanoat xaritasini ishlab chiqish;
- davlat buyurtmachilari va ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida, shuningdek, ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida o‘zaro kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish va ofteyk shartnomalar tuzish imkoniyatini yaratish;
- B2B va V2S formatida "marketpleys" shaklidagi erkin savdo maydonchasini tashkil etish;
- davlat buyurtmachilari tomonidan ustuvor ravishda Ishlab chiqaruvchilar ekotizimiga kiritilgan ishlab chiqaruvchilardan tovarlarni xarid qilish, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalar doirasida xarid qilish bo‘yicha alohida tartib belgilangan hollar bundan mustasno.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Ishlab chiqaruvchilar ekotizimining to‘liq joriy etilishi va uning barqaror faoliyat yuritishini ta’minlash uchun mas’ul hisoblanadi.
Davlat xaridlarida ishlab chiqaruvchilarning ishtirokini yanada kengaytirish maqsadida "davlat xaridlari – biznesga ko‘mak" tamoyili asosida "tadbirkorbay" ishlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Ishlab chiqaruvchilar davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi, shuningdek, ularning ofertalari bir vaqtning o‘zida barcha davlat xaridlari elektron tizimlarida joylashtiriladi.
Elektron do‘kon va boshlang‘ich narxni pasaytirish uchun o‘tkaziladigan auksion savdolarida ishlab chiqaruvchilarga ular tomonidan yetkazib berilgan tovarlar miqdoriga mutanosib ravishda haq to‘lab beriladi.
“Yuqori” va “o‘rta” barqarorlik reytingi toifalariga mansub tadbirkorlik sub’yektlari hisoblangan ishlab chiqaruvchilarga barcha elektron tizimlarda – davlat xaridlarida ishtirok etish uchun vositachilik yig‘imi miqdoriga nisbatan 50 foiz chegirma taqdim etiladi. Shuningdek, ularga qo‘shimcha zakalat kiritmaslikka ruxsat beriladi.
2025 yil 1 yanvardan boshlab respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari davlat xaridlarini amalga oshirishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuziladigan shartnomalar, shuningdek, import ulushini keskin kamaytirib borish kabi mezonlar asosida belgilanadi.
Bundan tashqari, xarid qilish tartib-taomilida davlat xaridlarini amalga oshirish uchun talabgor sifatida ishtirok etayotgan tadbirkorlik sub’yektlarining davlat xaridlari jarayonidagi faoliyatini elektron axborot tizimlaridan olingan ma’lumotlar asosida maxsus axborot portalida inson omilisiz baholab boruvchi skoring tizimi joriy etiladi.