Mahallalarda ijtimoiy profilaktika tadbirlari o‘tkaziladi

O‘zbekiston 09:39 / 04.12.2024 9325

Vazirlar Mahkamasining «Obod va xavfsiz mahalla» tamoyili asosida mahallalarda ijtimoiy profilaktika tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan «Obod va xavfsiz mahalla» tamoyili asosida mahallalarda ijtimoiy profilaktika tadbirlarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizom «Obod va xavfsiz mahalla» tamoyili asosida mahallalarda ijtimoiy profilaktika tadbirlarini amalga oshirishda mahalla raisi, hokim yordamchisi, profilaktika inspektori, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, ijtimoiy xodim va soliq inspektori, shuningdek, boshqa davlat organlari va tashkilotlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini belgilaydi.

Ijtimoiy profilaktika tadbirlari quyidagi shaxslarga nisbatan amalga oshiriladi:

  • huquqbuzarlik sodir etish ehtimoli bo‘lgan shaxslar:
  • band bo‘lmagan yoki doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan ishsiz shaxslar;
  • spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki inson aql- irodasiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarga qaram bo‘lib qolgan shaxslar;
  • qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarga ruju qo‘ygan shaxslar;
  • g‘ayriijtimoiy xulq-atvorli shaxslar;
  • qarovsiz va nazoratsiz qolgan voyaga yetmaganlar;
  • ishsiz yoshlar va maktab bitiruvchilari;
  • davlat ko‘magiga muhtoj “og‘ir” toifadagi yoshlar;
  • huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi bo‘lgan yoshlar;
  • ajrim yoqasiga kelib qolgan va nizoli oilalar;
  • yordamga muhtoj bo‘lgan va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar;
  • muntazam tazyiq va zo‘ravonlikka uchrab kelayotgan xotin-qizlar;
  • jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan va profilaktik hisobda turgan shaxslar;
  • og‘ir ahvolga tushib qolgan va og‘ir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar;
  • tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan shaxslar;
  • huquqbuzarlikdan jabrlanish ehtimoli bo‘lgan shaxslar:
  • parvarishga muhtoj yolg‘iz keksalar;
  • nogironligi bo‘lgan va og‘ir kasallikka chalingan shaxslar.

 
Ijtimoiy profilaktika tadbirlarini amalga oshirishda axborot almashinuvi E-ijtimoiy profilaktika elektron tizimi orqali amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: