Lloyd Ostin va Rustem Umerov Kiyevga keyingi yordamni muhokama qildi

Jahon 14:08 / 03.12.2024 1877

AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin Ukraina Mudofaa vazirligi rahbari Rustem Umerov bilan suhbatlashdi. Pentagon matbuot kotibi Pet Rayderning 2 dekabr, dushanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qilishicha, muhokama mavzusi jang maydonidagi vaziyat rivoji, shuningdek, Amerikaning Ukrainaga xavfsizlik bo‘yicha yordami bo‘lgan.

Rayderning ta’kidlashicha, Vashington Kiyevga «Ukrainaning jang maydonidagi eng muhim ehtiyojlarini, jumladan havo mudofaasi, raketa tizimlari, artilleriya va tankka qarshi qurollarni qo‘llab-quvvatlash uchun muhim imkoniyatlarni o‘z ichiga olgan qo‘shimcha xavfsizlik yordamini» taqdim etadi.

Pentagon saytidagi press-relizda qayd etilishicha, Ostin Umerov bilan suhbat chog‘ida «Rossiyaning yaqinda Ukraina fuqarolik infratuzilmasini nishonga olgan raketalar va uchuvchisiz uchish apparatlari, o‘rta masofaga mo‘ljallangan ballistik raketa («Oreshnik»)dan foydalanishini qoralagan, bu Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi yanada kuchayishini ko‘rsatdi».

AQSh Kiyevga dronga qarshi tizimlar va HIMARS uchun raketalarni yuboradi

Vashington Ukrainaga 725 million dollarlik yangi harbiy yordam paketiga uchuvchisiz havo vositalariga qarshi kurash tizimlari va HIMARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari uchun o‘q-dorilarni kiritish niyatida. Bu haqda 2 dekabr kuni AQSh ma’muriyatidagi manbalarga tayanib, AP agentligi xabar berdi.

Agentlikning ikki suhbatdoshi HIMARS uchun o‘q-dorilar uzoq masofali ATACMS raketalarimi yoki boshqami, shu masalaga aniqlik kiritmadi. Kiyev Rossiya hududidagi nishonlarga zarba bera oladigan qo‘shimcha raketalarni qidirmoqda.

AP xabariga ko‘ra, Amerika yordam paketiga piyodalarga qarshi minalar ham kiradi, ular yordamida Ukraina Rossiya qo‘shinlarining Kursk oblastida oldinga siljishiga to‘sqinlik qilishga umid qilmoqda.

Bir necha kun oldin Reuters agentligi AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Ukrainaga 725 million dollarlik harbiy yordam paketini tayyorlayotgani haqida xabar bergan edi, bu paketga AQSh omboridagi tankka qarshi qurollar, minalar, dronlar, ko‘chma Stinger ZRK uchun snaryadlar va HIMARS YaO‘RT uchun o‘q-dorilar kiradi. Bularning barchasi Ukraina Qurolli kuchlariga Rossiyaning Ukraina sharqida so‘nggi oylarda kuchaygan hujumini ushlab turishda yordam berishi kerak.

Ko‘proq yangiliklar: