Ukraina so‘nggi o‘n yil ichida Rossiya tomonidan bosib olingan barcha hududlarni ozod qilish uchun kurashmoqda, dedi Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov 15 noyabr, juma kuni norvegiyalik hamkasbi bilan Osloda o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida. «Hududiy yaxlitlik qadriyatlarimizning bir qismidir», — deya uning so‘zlarini keltiradi Reuters.
Ommaviy axborot vositalarida Ukrainaning urushdagi ustuvor yo‘nalishlari o‘zgargani haqidagi xabarlarga izoh berar ekan, Umerov ularni «yolg‘on va Rossiya propagandasining bir qismi» deb atadi. «Bizning ustuvor vazifamiz odamlarni himoya qilish, millatni himoya qilish, odamlarni deyarli 10 yillik vaqtinchalik ishg‘oldan ozod qilish bo‘lib qolmoqda, shuning uchun Qrim va Donbass Ukrainaning bir qismidir», dedi u. Vazirning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya tomonidan bosib olingan Ukraina hududlarida yashovchi odamlar ozodlikni kutmoqda.
NYT: Trampning g‘alabasidan so‘ng Kiyev uchun xavfsizlik kafolatlari ustuvor vazifa
Avvalroq The New York Times AQSh prezidentlik saylovlarida respublikachi Donald Tramp g‘alaba qozonganidan so‘ng, ehtimoliy tinchlik muzokaralari chog‘ida Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari masalasi Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarni qaytarishdan muhimroq bo‘lishi haqida xabar bergan edi.
«Hududiy masala nihoyatda muhim, ammo bu ikkinchi masala. Birinchisi - xavfsizlik kafolatlari», — deya NYT ismini oshkor etmagan yuqori martabali ukrainalik mulozimdan iqtibos keltirdi. Ukraina Oliy radasining Mudofaa va razvedka qo‘mitasi raisi Roman Kostenko ham nashrga Ukraina uchun kafolatlardan muhimroq narsa yo‘qligini aytdi.
Nashr ta’kidlaganidek, Ukraina rasmiylari avvalroq uzoq vaqt davomida Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarni vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilishning hech qanday varianti bo‘yicha bermasliklarini ma’lum qilgan edi. Biroq muzokaralar uchun tezlashtirilgan jadvalni ilgari surgan AQSh prezidenti Tramp saylanganidan so‘ng, Kiyev xavfsizlik kafolatlariga kamida o‘t ochishni to‘xtatish chizig‘i qayerda bo‘lishi kabi ahamiyat bera boshladi.