Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov Ramshtayn formatidagi Aloqa guruhining 25-yig‘ilishida taqdim etilgan Ukrainaning 2025 yilga mo‘ljallangan harbiy strategiyasini bayon qildi. «Uchrashuv davomida biz to‘rtta asosiy ustuvor yo‘nalishga asoslangan strategiyamizni taqdim etdik: front chizig‘ini barqarorlashtirish, Ukrainaning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, osmon va dengiz yo‘llari himoyasini kuchaytirish hamda tajovuzkorning ustunlikka erishish urinishlariga simmetrik miqyosda javob berish», deb yozdi Umerov 10 yanvar, juma kuni Facebookʼda.
Mudofaa vazirligi rahbari yig‘ilishning asosiy yutuqlari qatorida sakkizta «imkoniyatlar koalitsiyasi doirasida ishlab chiqilgan Ukraina mudofaa kuchlarini 2027 yilgacha rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritalari»ning tasdiqlanishini qayd etdi: aviatsiya, havo mudofaasi, dengiz kuchlari, artilleriya, zirhli transport vositalari, IT, dronlar va minalardan tozalash texnologiyalari». «Biz hamkorlikning yangi bosqichiga o‘tdik: urushning bevosita ehtiyojlarini qondirishdan tashqari, biz o‘zimizning uzoq muddatli imkoniyatlarini yaratish ustida ishlaymiz», — dedi Umerov va Germaniyada bo‘lib o‘tgan uchrashuvni »Ukraina mudofaa qobiliyatini mustahkamlashning navbatdagi bosqichi bo‘lgan eng muhimlaridan biri» deb atadi.
Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasidagi deyarli uch yillik keng ko‘lamli urush davomida Ramshtayn formatida ishtirok etuvchi davlatlar Ukrainaga xavfsizlik bo‘yicha 145 milliard dollardan ko‘proq (140 milliard yevrodan ortiq) yordam ko‘rsatishini e’lon qildi, deya qo‘shimcha qildi vazir.
Zelenskiy Ramshtaynda G‘arbni Ukrainaga qo‘shin yuborishga chaqirdi
Ukrainaga xorijiy qo‘shinlarning kiritilishi Rossiyani tinchlikka majburlashning eng yaxshi vositalaridan biridir. Bu fikrni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 9 yanvar kuni Germaniyaning Reynlandiya-Pfalsida Ukraina bo‘yicha Ramshtayn formatidagi aloqa guruhi 25-yig‘ilishi chog‘ida bildirdi.
«Biz hammamiz tushunamizki, bugun (Rossiya prezidenti Vladimir) Putinning maqsadlari o‘zgarishsiz qolmoqda. U Ukrainani butunlay yo‘q qilmoqchi — va barchamizni, shu jumladan sizni ham sindirmoqchi. Shuning uchun bizning maqsadimiz — Rossiyani tinchlikka majburlash uchun imkon qadar ko‘proq vositalarni topish, - dedi Ukraina rahbari uchrashuv boshida. - Men hamkorlar kontingentini bunday joylashtirish eng yaxshi vositalardan biri, deb hisoblayman».
Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida o‘tgan yilning shu kuni Fransiya «tinchlikni yanada yaqinlashtirish uchun Ukrainada hamkorlar kontingentlarini joylashtirish» g‘oyasi bilan chiqqanini esladi. Shuningdek, Kiyev Buyuk Britaniyadan bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlovchi «signallar»ni eshitdi, deyiladi xabarda.
Aftidan, mojaro kuchayishiga qarshi bo‘lganlar tomonidan bunday tashabbus tanqid qilinishini kutgan Ukraina prezidenti shunday dedi: «Rossiyaning ko‘plab tahdidlari va dadil bayonotlari, ayniqsa, ukrainaliklar Kursk oblastiga kirganidan so‘ng, blef bo‘lib chiqdi. Ishonchim komilki, agar biz Rossiyani tinchlik sari undash uchun birgalikda harakat qilsak, ularning ko‘proq tahdidlari blef bo‘lib chiqadi».