Isyonchilar Suriyaning Maraat an-Numon shahrini egallab oldi, Idlib viloyati to‘liq isyonchilar nazoratiga o‘tdi, deb yozdi Reuters manbalarga tayanib. Avvalroq Suriya armiyasi isyonchilar Halab shahrining katta qismini egallaganini tan olgan edi.
Suriya fuqarolik mudofaasi, shuningdek, Suriya va Rossiya aviatsiyasi Halab shahridagi turar-joylar, yoqilg‘i quyish shoxobchasi va maktabga havodan zarbalar yo‘llagani haqida xabar berdi. Qayd qilinishicha, Moskva Damashqqa qo‘shimcha harbiy yordam haqida va’da bergan, u yaqin 72 soat ichida yetib kelishi mumkin.
Suriya armiyasiga isyonchilar kirib kelgan shaharning asosiy hududlaridan «xavfsiz chekinish» bo‘yicha buyruq berilgani ta’kidlanmoqda.
26 noyabr kuni suriyalik isyonchilar Halab shahri va Idlib viloyatiga qarshi hujum boshladi. Bu 2020 yildan beri eng katta yurish bo‘ldi. 29 noyabr kuni isyonchilar Halabga kirganini ma’lum qildi. Suriya harbiy qo‘mondonligi ma’lumotlariga ko‘ra, hujumda og‘ir qurollar va uchuvchisiz samolyotlarga ega «minglab xorijiy yollanma jangarilar» ishtirok etmoqda.