Davlat xaridlarining soddalashtirilgan va ikki bosqichli shakllari joriy etiladi

O‘zbekiston 15:34 / 30.11.2024 2400

Prezident "Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunga davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida"gi qonunni imzoladi.

"Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi qonunga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda:

  • xarid tartib-taomillarining yangi turlarini (kichik qiymatli xaridning soddalashtirilgan tartibi, ikki bosqichli davlat xaridlari) joriy etish;
  • barqarorlik prinsipi, markazlashtirilgan davlat xaridlarini amalga oshirish mexanizmi, doiraviy kelishuvni tuzish va amalga oshirish tartibini belgilash;
  • davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqishda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish choralari.

Shunday qilib, ikki bosqichli davlat xaridlari deganda bir shartnoma bo‘yicha ma’lum qiymatdagi texnik jihatdan murakkab tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat xaridlarini amalga oshirishning ikki o‘zaro bog‘liq bosqichda o‘tkaziladigan raqobatbardosh usuli tushuniladi.

Endi bir nechta davlat buyurtmachilari bir xil turdagi tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni markazlashtirilgan xarid organi orqali markazlashtirilgan tarzda xarid qilishlari mumkin. Bu organ Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Markazlashtirilgan xarid organi tomonidan xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) ro‘yxati maxsus axborot portalida e’lon qilinadi.

Shuningdek, davlat buyurtmachisi eng yaxshi takliflarni tanlash yoki tender natijalari bo‘yicha aniqlanadigan bir nechta g‘oliblar bilan 1 yildan 3 yilgacha muddatga doiraviy kelishuv tuzishi mumkin.

Bir shartnoma bo‘yicha BHMning 50 baravaridan ko‘p bo‘lmagan summadagi (budjet buyurtmachilari uchun – BHMning 25 baravaridan ko‘p bo‘lmagan summadagi) davlat xaridlari xarid komissiyasining ishtirokisiz, lekin bir moliya yili davomida bir korporativ buyurtmachi uchun BHMning 1000 baravaridan ko‘p bo‘lmagan summa va bir moliya yili davomida bir budjet buyurtmachi uchun BHMning 500 baravaridan ko‘p bo‘lmagan summaga o‘tkazilishi mumkin.

Bunda g‘olib davlat buyurtmachisi tomonidan ochiq axborot manbalaridan olingan narxlarni taqqoslash yoki davlat xaridlarini o‘tkazish to‘g‘risida e’lon joylashtirmasdan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning kamida 3 ta potensial yetkazib beruvchisidan narxlarni so‘rash orqali aniqlanadi.

Hujjat 2025 yil 27 fevraldan kuchga kiradi.

Ko‘proq yangiliklar: