«Qamoqdan chiqishni xohlasang, advokatingdan voz kech» – tergovdagi shaxsga bosimlar haqida

Jamiyat 19:29 / 29.11.2024 9699

Tergovchilar tomonidan himoyasi ostidagi shaxsga ruhiy bosimlar bo‘ladi, bu orqali biz «o‘yin»dan chiqib ketamiz, deydi Kun.uz bilan suhbatlashgan advokatlar. Shuningdek, advokatlarga ko‘ra sudlar ba’zi hollarda o‘rtada hakam bo‘lish o‘rniga – isbot qilish sub’yekti sifatida ayblov tomonidan harakatlanishga odatlanib qolgan.

9 noyabr kuni Oliy sud raisi va sudyalari advokatlar uchrashuvi ortidan jamiyatda dolzarb bo‘lgan advokat huquqlari, tergov-surishtiruv jarayonida inson huquqlari buzilishiga doir masalalar yana kun tartibiga qaytdi. Kun.uz ushbu masala yuzasidan amaliyotda yuzaga kelayotgan masalalarni jamoatchilikka olib chiqish uchun advokatlarga mikrofon tutdi.

Amrullo Ahmedov, advokat:

Advokatlarga ochiqdan ochiq zulm qilinmayapti, ochiqdan ochiq ularning huquqlari kamsitilmayapti, chunki advokat o‘zini himoya qila oladigan shaxs. Advokatning himoyasi ostidagi shaxsga tazyiqlar bo‘ladi. «Agar sen qamoqdan chiqishni xohlasang, advokatingni almashtir yoki advokatdan voz kech», degan hol ham bor. Ularga bosim bo‘lishi orqali biz o‘yindan chiqib ketamiz. Qaysidir tergovchi bo‘lishi mumkin, qaysidir surishtiruvchi bo‘ladimi, ularning gapiga ishongan holda, advokatdan voz kechish hollari ham bo‘lyapti. Mana shu yerda ruhiy yoki jismoniy bosimlar bo‘ladi. Jismoniy bosimlar hozir ham bo‘lib turibdi, lekin ruhiy bosimi ko‘proq bo‘lyapti. Ayrim hollarda u fikridan qaytib, yana bizning himoyamizdan foydalanadi. Ayrimlari qat’iy «oyoq tirab» turib, «yo‘q, advokatdan voz kechaman, men o‘z huquqlarimni o‘zim himoya qila olaman», degan ma’noda. Keyinchalik, tergov jarayonida o‘zi qoladi.

Amaliyotda qasdlashish holatlari ham bo‘lgan va bo‘lib turadi. Hattoki prokuror bilan qasdlashgan holatlarimiz ham bo‘lgan. Ya’ni oldingi bir jinoyat ishi bo‘yicha biz yutib chiqdik yoki unga [huquqni muhofaza qilish organi xodimiga] nisbatan intizomiy javobgarlikka tortishga erishdik. Keyingi ishingiz bo‘yicha siz yana idoraga kirib kelyapsiz, faqat himoyangiz ostidagi shaxs – gumonlanuvchi yoki ayblanuvchi boshqa. U «shoshmay tur, senimi», deydi. Hattoki nimadir qilib bo‘lsa ham himoyangiz ostidagi shaxsni qamoqqa olishga harakat qiladi. Demak, o‘sha gumonlanuvchi yoki ayblanuvchi orqali sizga nisbatan munosabatini ham bildiradi. Shunaqa holatlar ham bor.

Bundan tashqari, asossiz hukm chiqarish, ya’ni yoki shaxsga nisbatan noto‘g‘ri ayblov qilish, bular – o‘sha mansabdor shaxsga nisbatan tegishli tartibda intizomiy chora yoki jinoiy javobgarlikkacha olib kelishi kerak. Demak, mana shu ikkita norma bizda ishlamayapti. Agar o‘sha norma ishlaganda, agar sudya chiqarayotgan qaror noto‘g‘ri bo‘ladigan bo‘lsa, yoki u yuqori instansiyada to‘g‘rilandi. Shundan keyin sizga nisbatan intizomiy yoki ishdan bo‘shatilish bo‘yicha yoki jinoiy javobgarlik belgilanadigan bo‘lsa, o‘shanda siz boshqa tashqi ta’sirlarga ham e’tibor qilmaysiz. Sizga keladigan iltimos tomonlarni ham rad etasiz va qonunga amal qilgan holda ish yuritasiz. Mana bu shaffoflikka, qonuniylik va adolatni ta’minlashga olib keladi.

Amrullo Ahmedov, advokat:

Qonun bo‘yicha aybsizlik prezumpsiyasi bor, ya’ni shaxs o‘zining aybsizligini isbotlashga majbur emas. Uning aybini tergov organi va davlat ayblovchisi isbotlab berishi kerak, hattoki sud ham emas. Bizda, afsus, sudlar isbot qilish sub’yekti sifatida qolib ketgan. Isbot qilish sub’yekti sifatida faqat ayblov tomonidan harakat qilishga odatlanib qolishgan. Ayblov tarafidan prokuror rolini — davlat ayblovchisi rolini bajaryapti.

Vaholanki, sud mustaqil bo‘lib, hakam sifatida o‘rtada tarozi bo‘lib turib, oqlovchi dalillarni ham, ayblov dalillarini ham eshitishi va ikkalasidan umumiy xulosaga kelib, yakuniy hukm qabul qilishi kerak.

Davronbek Ahmadov, advokat:

Eng muhimi, sudyalarning mustaqilligi va xolisligi. Agar sud mustaqil bo‘lsa, bu demokratiyaning belgisi bo‘ladi. Hamma holatda ham sudlar mustaqil bo‘lolmaydi. Advokatlar bundan-da rivojlanib ketishi, obro‘si oshib ketishi mumkin. Agar siz sudda yutib, natija ko‘rsatsangiz.

Masalan, sizning mijozingiz haq: barcha hujjatlar va dalillar bor. Biroq sudgacha yetib kelganingizda, sudda zararingizga qaror chiqarildi. Keyin, albatta, himoyangiz ostidagi shaxs yoki kompaniya tomonidan e’tiroz olasiz: «Nega sudda yutqazdingiz? Hamma dalillarimiz bor-ku» deydi. «Men sudya emasman, qarorni men qabul qilmayman, sud qabul qiladi qarorni yoki tergov qabul qiladi. Lekin ular xolis va mustaqil bo‘lmasa, foydangizga qaror qabul qilmaydi», deb javob qaytaramiz.

Ertaga sudga chiqqaningizda u sudya kim, qanday u, mustaqilmi, bilimlimi yoki xolismi— bilmaymiz. Turli sud yondashuvlariga ko‘ra, siz prognoz qila olasiz. Shu masalada o‘tgan safar yutgan edingiz. O‘xshash holatda qonunga ko‘ra, «endi sudga boraman, mening foydamga qaror chiqaradi», deysiz. Bir oy oldin xuddi shu keysda boshqa sudda yutgansiz, keyingi oyda boshqa sudyada yutqazasiz. Chunki bugungi kunda sudlarda yagona amaliyot yo‘q. Qaniydi shu sudya mustaqil va xolis bo‘lganida edi, deb chiqib ketgan holatlarim ham bo‘lgan.

To‘liq suhbat bilan yuqoridagi video orqali tanishib chiqishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: