2025 yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.
Parlamentda muxolifatning kafolatlangan huquqlarini yanada kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Xorijiy davlatlar parlamentlari tajribasini o‘rgangan holda, parlamentda muxolifat huquqlariga oid qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Bunda:
- muxolifatning kafolatlangan huquqlari sonini 3 tadan 6 taga oshirish;
- muxolifat vakillari 1 nafar qo‘mita raisi va 2 nafar qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimlarini kafolatli egallash;
- har chorakda «hukumat soati» va parlament so‘rovi doirasida muxolifat tomonidan kamida bittadan masala kiritish kabi qo‘shimcha huquqlar berish nazarda tutiladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitalarining ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan hamkorligini yanada takomillashtiriladi.
Parlament quyi palatasi qo‘mitalarining ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan hamkorligini kuchaytirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi va qabul qilinadi.
Loyihada:
har bir qo‘mitaning faoliyat yo‘nalishidan kelib chiqqan holda vazirlik va idoralarni tegishli qo‘mitalarga biriktirish;
vazirlik va idoralar rahbar o‘rinbosarlarini Qonunchilik palatasi qo‘mitalari bilan doimiy hamkorlik uchun mas’ul etib belgilash nazarda tutiladi.
Qonunchilik palatasi qo‘mitalarida o‘z faoliyat yo‘nalishlaridan kelib chiqib, tegishli vazirlik va idoralarning axborotlarini eshitib borish hamda ularda vazirlik va idoralar tomonidan ularning quyi bo‘g‘inlarida (tuman va shahar) ishlarni samarali tashkil etishga e’tibor qaratish ko‘zda tutiladi.