G‘azodagi sulh istiqboli, Qrimga raketa hujumi va Rossiyani tark etayotgan migrantlar - kun dayjesti

Jahon 13:52 / 28.11.2024 6728

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Isroil prezidenti G‘azo haqida

Isroil prezidenti Itshak Hersog Livanda «Hizbulloh» bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganidan keyin G‘azo sektorida favqulodda choralar ko‘rishga chaqirdi. Ammo Hersog G‘azodagi mojarolarni hal qilishda Isroilning bu mintaqada murosa qilishi yoki hujumlarni to‘xtatishiga ishora qilmadi. U Isroilning asosiy vazifasi G‘azoda Hamas tomonidan garovda ushlab turilgan isroilliklarni ozod qilish ekanini ta’kidladi.

«Bu imkoniyatdan samarali foydalanishimiz va barcha kuchlarimizni ishga solishimiz kerak. Asirlikdagi aka-ukalarimiz va opa-singillarimizni G‘azodan qaytarib olish — eng ustuvor vazifamizdir», — deb yozdi Hersog X platformasida.

Hersog Livandagi o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvni «to‘g‘ri va muhim» deb baholadi, biroq bu kelishuv Isroil shimolidagi aholining xavfsizligini to‘liq ta’minlashini ta’kidladi.

«Isroil davlatini himoya qilish — har doim, har yerda va har qanday vositalar bilan amalga oshiriladi», — dedi Hersog. U AQSh prezidenti Jo Bayden va uning ma’muriyatiga muzokaralardagi vositachilik uchun minnatdorchilik bildirdi.

G‘azoda tinchlik sari sa’y-harakatlar ham ma’lum natijalarga erishmoqda. «Al-Arabiy al-Jadid» gazetasining ma’lum qilishicha, 26 noyabr kuni Misr G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun Isroilga delegatsiya yuborgan. Biroq, Isroil harbiylari G‘azoning shimoliy qismini ishg‘ol qilib kelmoqda. Bu hududda 400 mingdan ortiq inson qamal sharoitida qolmoqda, Isroil mazkur hududga insonparvarlik yordami yetkazishni to‘liq taqiqlagan.

Bayden G‘azodagi sulh borasida

AQSh prezidenti Jo Bayden Isroil va Livanning «Hizbulloh» harakati o‘rtasidagi otishmalar to‘xtaganini tasdiqlab, Isroil va Falastinning Hamas harakati o‘rtasida yangi muzokaralar boshlanishini anons qildi.

«G‘azo aholisi haqiqiy do‘zaxdan o‘tdi. Ularning kun kechirayotgan dunyosini mutlaq vayron qilishdi, G‘azodagi ko‘pgina tinch aholi jabr ko‘rdi», — dedi Bayden.

Baydenning aytishicha, AQSh Isroil va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha kelishuvda vositachilik qilishga tayyorligicha qoladi. Ushbu kelishuv «Falastin davlatiga ishonchli yo‘l ochish»ni o‘z ichiga oladi.

Baydenning bayonoti Isroil hukumati va shaxsan Binyamin Netanyahuning pozitsiyasiga zid keladi, ular ikki davlat konsepsiyasini bir necha bor rad etishgan. Baydenning fikricha, Saudiya Arabistoni bilan munosabatlarni normallashtirish to‘g‘risidagi kelishuv Isroildan «qiyin qarorlar» qabul qilishni talab etadi, ehtimol, bu Falastin davlatini barpo etishni nazarda tutishi mumkin.

«Men Livan va Isroil yetakchilari tomonidan zo‘ravonlikka barham berish bo‘yicha qabul qilingan jasoratli qarorni olqishlayman. Bu bizga tinchlik o‘rnatish mumkin ekanligini eslatdi. Toki shunday ekan, bu maqsadga erishish uchun men bir daqiqa ham harakatdan to‘xtamayman», — dedi Bayden.

Meksikadan Trampga javob

Meksikaning yangi saylangan prezidenti Klaudiya Sheynbaum Donald Trampning Meksika va Kanadadan import qilinuvchi barcha tovarlarga 25 foizlik tarif joriy qilish rejasiga simmetrik javob berishini ma’lum qildi. Shuningdek, u AQShni urushlarga mablag‘ sarflaganlikda tanqid qildi.

«Agar AQSh urush uchun sarflaydigan mablag‘ning biroz qismini tinchlik va taraqqiyotga sarflaganida edi, jahon migratsiyasi muammolarining ildizi yo‘q qilingan bo‘lar edi», — dedi Sheynbaum.

Sheynbaum AQShni Meksikaga noqonuniy qurol tarqatishda va narkotiklarga talabni oshirish orqali mamlakatdagi zo‘ravonlikka sabab bo‘lishda aybladi:

«Meksikada jinoyatchilardan musodara qilingan noqonuniy qurollarning 70 foizi AQShdan keltiriladi. Biz bu qurollarni ishlab chiqarmaymiz va sintetik narkotiklarni iste’mol qilmaymiz. Afsuski, odamlar bu narkotiklarga bo‘lgan talab tufayli bizda halok bo‘lishmoqda».

Prezident ikki davlat o‘rtasida tariflar urushining salbiy oqibatlari haqida ogohlantirdi:

«Har bir tarifga javob bor. Bu umumiy hamkorlikka tahdid solib, inflatsiya va ish o‘rinlarining yo‘qolishiga olib keladi».

Sheynbaumning «AQShning urushlarga sarflaydigan mablag‘i» haqidagi bayonotida qaysi mojaro nazarda tutilgani aniq ko‘rsatilmagan, lekin u Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi siyosatchi ekanligi bilan tanilgan.

Oktyabr oyida Sheynbaum Isroilning G‘azodagi harakatlarini qoralab, mustaqil Falastin davlatini to‘liq tan olishga chaqirgan edi.

Qrimga raketa hujumi

Ukraina Qurolli Kuchlari Rossiya anneksiya qilgan Sevastopolning Belbek harbiy aerodromiga katta hujum uyushtirdi. Bu haqda rossiya nashrlari ma’lum qildi.

Hujumda Ukraina armiyasi taxminan 40 ta dron, kemalarga qarshi «Neptun» raketalari va Storm Shadow qanotli raketalaridan foydalangan. Rossiyaning HHH tizimlari hujumning katta qismini qaytargan bo‘lsa-da, ayrim dronlarning parchalari Orlovka hududida, Kacha shossesi yaqiniga tushgan.

Sevastopolda ham portlash ovozlari eshitilgani haqida xabarlar tarqatildi.

Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina armiyasi tomonidan yuborilgan 25 uchuvchisiz apparat yo‘q qilinganini ma’lum qildi.

Belbek aerodromi oldin ham Ukraina hujumlariga duch kelgan. Jumladan, may oyida Ukraina bu obektga Amerikada ishlab chiqarilgan ATACMS raketalari bilan zarba bergan ikkita samolyotini yo‘q qilgan edi.

Rossiya rublining qora kuni

Rossiya rubli 27 noyabr kuni keskin quladi va uning qurbi 2022 yildan beri eng past darajaga yetdi. Dollar kursi 114 rubldan oshib ketdi, yevro esa 120 rubldan yuqoriga ko‘tarildi.

Milliy valuta qiymatining tez yo‘qotilishiga javoban Rossiya Markaziy banki yil oxirigacha ichki bozorda valuta xarid qilishni to‘xtatishini e’lon qildi, biroq har kuni 8,4 milliard rubl ekvivalentida yuan sotishni davom ettiradi.

Ekspertlar rubl qulashiga bir qator omillarni sabab qilib ko‘rsatishmoqda. Ular orasida eksport daromadlarining tushishi, neft narxlarining pasayishi va valuta tanqisligi bor.

Iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov bu holatni asosiy iqtisodiy faktorlar bilan bog‘lamaslik kerakligini aytdi va «2024 yilning ikkinchi yarmida eksportda Rossiya rubli va do‘stona davlatlar valutalarining ulushi 82 foizga, importda esa 78 foizga yetdi», dedi.

Moliya vaziri Anton Siluanov esa zaif rubl eksportyorlar uchun foydali ekanligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu harbiy xizmatchilar maoshlarini va qurol-yarog‘ xaridlarini arzonlashtirish orqali Rossiyaning Ukrainadagi «maxsus operatsiyasi»ni moliyalashtirishga yordam beradi.

Rublning zaiflashuvi AQSh tomonidan «Gazprombank» va 50 dan ortiq boshqa Rossiya banklariga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilinishi va Moskva hamda G‘arb o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashgani bilan barobar yuz bermoqda. Tahlilchilar rublning qulashiga ushbu omillar va AQShdagi saylovlar fonida dollarning o‘sishi sabab bo‘lganini aytishmoqda.

Xalqaro valuta bozorida rubl kursi 1 dollarga nisbatan 110, 1 yevroga nisbatan esa 115 rubl darajada qayd etilmoqda. Bu qulash Rossiyada inflatsiya xavflarini kuchaytirib, import mahsulotlar narxini oshiradi va aholining xarid qobiliyatini pasaytiradi.

Rossiyani tark etayotgan migrantlar

Rossiyaning «Migrant-Servis» platformasi direktori Andrey Kladov ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilda Rossiyadan taxminan 1 million migrant chiqib ketgan.

«Chet ellik ishchilarning tobora Rossiyani tark etayotgani ravshanlashmoqda. Yanvardan sentabrgacha bir millionga yaqin odam mamlakatdan chiqib ketdi», — dedi Kladov.

Kladov so‘zlariga ko‘ra, Rossiyani asosan O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari tark etishgan. Rossiyada ayni damda har bir migrantga o‘nta bo‘sh ish o‘rni to‘g‘ri kelishi, mehnatga haq to‘lash miqdorining ko‘tarilayotgani ham bu jarayonni to‘xtata olmagan. 2024 yil boshida xorijliklar ishlab chiqarishda o‘rtacha 105 ming rubl, yozda esa 150 ming rubl maosh olgan. Ayniqsa, quruvchilar va kuryyerlar uchun ish haqi yuqori bo‘lgan.

Migrantlarning chiqib ketishi Rossiyaning ishchi kuchi tanqisligini yanada kuchaytirishi mumkin. Ammo rasmiylar qonunlarga itoat qiluvchi migrantlar uchun eshiklar doimo ochiqligini ta’kidlamoqda.

Ko‘proq yangiliklar: