Paxta oson alanga olsa-da, qulay va havo o‘tkazish xususiyatiga ega bo‘lgani uchun kiyim-kechak tayyorlashda ko‘p qo‘llanadi. Texas A&M universiteti olimlari atigi bir bosqichli usul bilan ushbu tolaning yonuvchanligini kamaytirish yo‘lini topdi — buning uchun polielektrolit qoplama ishlatiladi. Undan turli to‘qimachilik mahsulotlari, xususan, mebel qoplamalarida foydalanish mumkin. Phys.org xabar berishicha, yangi usulni oddiy sanoat sharoitlarida ham qo‘llasa bo‘ladi.
Polielektrolitlar yordamida olovga chidamli qoplamalar yaratish borasida shu paytgacha ma’lum bo‘lgan usullar ikki yoki undan ortiq bosqichni talab qilardi, bu esa vaqt va xarajatlarni oshiradi. Yangi tadqiqot xuddi shunday natijalarga atigi bir bosqichda erishishni maqsad qilgan. Tadqiqotchilar oddiy sharoitda bug‘lanadigan molekula — uchuvchan asosdan foydalandi.
Uchuvchan asos sifatida ammiak qo‘llandi. Uning bug‘lanishi pH darajasini pasaytirib, paxta yuzasida kompleks hosil bo‘lishiga olib keladi. Ilgari bu usul olovdan himoyalanish uchun ishlatilmagan.
Texnologiyaning boshqa afzalliklari shundaki, u suvga asoslangan bo‘lib, boshqa ko‘pchilik usullardan farqli ravishda zaharli emas.
Tadqiqotchilar ushbu usulni kompaniyalar bilan hamkorlikda o‘rganishni davom ettirmoqchi. Ular o‘z kashfiyotlarini yog‘och, mato, penoplast hamda boshqa to‘qimachilik mahsulotlarini qayta ishlashda qo‘llashni rejalashtirmoqda.