Yevroparlament Yevropa komissiyasining yangi tarkibini tasdiqladi

Jahon 23:01 / 27.11.2024 484

Yevropa parlamenti Ursula fon der Lyayyen boshchiligidagi Yevrokomissiyaning yangi tarkibini tasdiqladi. Ovoz berish jarayonlari 27 noyabr kuni Yevroparlamentda bo‘lib o‘tdi, deputatlar 370 ta ovoz bilan yangi tarkibni qo‘llab-quvvatladi, shuningdek, 282 ta ovoz qarshi berildi. Yangilangan Yevrokomissiya dekabr oyidan rasman ish boshlaydi.

Ro‘yxatdan jami 26 nafar yevrokomissar o‘rin olgan, Estoniya sobiq bosh vaziri Kaya Kallas alohida ko‘rsatilgan: u Jozep Borrel o‘rniga YeI tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili lavozimida ish boshlaydi. Uning nomzodini YeIga a’zo davlatlar rahbarlari iyul oyida qo‘llab-quvvatlagan edi. Kallas Ukrainaning Yevropa Ittifoqidagi eng sobit ittifoqchilaridan hisoblanadi.

Yevrokomissiya vitse-prezidenti lavozimiga italiyalik ultrao‘ng siyosatchi Raffaele Fitto tayinlandi. U YeI ijroiya organida muhim lavozimni egallagan birinchi o‘ta o‘ngchi siyosatchidir. Shuningdek, u mintaqaviy moliyalashtirish va islohotlar bo‘yicha yevrokomissar bo‘ladi va shu tariqa Yevropa mintaqalarini rivojlantirish uchun milliardlab dollarlar ajratilishini boshqaradi. Ushbu tayinlov fon der Lyayyenning eng ko‘p tanqidga uchragan qarorlaridan bo‘ldi.

YeIning iqlim va raqobat bo‘yicha komissari lavozimiga ispaniyalik Teresa Ribera tayinlandi. Yangi Yevrokomissiyani shakllantirish jarayonida Riberaning ham tayinlovi bahsli masalalardan biriga aylandi. Ispaniyada atrof-muhit o‘zgarishi va demografik muammolar bo‘yicha vaziri bo‘lgan Ribera Valensiyadagi halokatli suv toshqinlari ortidan tanqidlar ostida qoldi.

Ko‘proq yangiliklar: