Toshkentdagi xonadondan salkam 25 ming dona pirotexnika vositalari aniqlandi

Jamiyat 20:21 / 27.11.2024 2021

Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi xonadonlarning birida salkam 25 ming dona pirotexnika vositalari saqlanayotgani aniqlandi, deb xabar beradi Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, «Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining Kontrabandaga karshi kurashish bo‘limi tezkor xodimlari tomonidan DXX, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Milliy gvardiya va ichki ishlar idoralari vakillari bilan hamkorlikda yirik miqdordagi pirotexnika vositalarining ichki hududdagi noqonuniy aylanmasi fosh qilingan.

Xususan, poytaxtning Chilonzor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda oldindan tezkor kuzatuvga olingan shaxsning xonadoni belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganda, bu yerda xorijda ishlab chiqarilgan, muqaddam noqonuniy yo‘llar bilan respublikaga olib kirilgan 205 ta qog‘oz qutida ikki turdagi pirotexnika vositalari qonunga xilof tarzda saqlanayotgani fosh bo‘lgan.

Rangli tutun chiqaruvchi va uchqun sachratuvchi mazkur pirotexnika vositalarining umumiy miqdori 24 ming 637 donani, qiymati esa dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 737 million so‘mni tashkil qiladi.

«Hozirda mazkur pirotexnika vositalari vaqtincha saqlovga olindi hamda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda», — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, respublika bojxonachilari tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida aniqlangan 80 dan ziyod bojxona qonunbuzilishi holatlarida 7,5 million donaga yaqin pirotexnika vositalarining bojxona chegaralari orqali noqonuniy olib o‘tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qo‘yilgan.

Bir necha kun oldin noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan yirik miqdordagi, ya’ni 4 mln 65 ming 562 dona pirotexnika buyumi dastlab suvda bo‘ktirilib, yaroqsiz holatga keltirilgani va maxsus xandaqqa ko‘mish yo‘li bilan yo‘q qilingani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: