Rossiyaga kiritilgan yangi sanksiyalar ta’sir kuchi jihatidan SWIFT'dan uzishga teng - Shuhrat Rasul

Jahon 19:39 / 13.01.2025 4514

G‘arb tomonidan shu paytgacha kiritilgan sanksiyalar orasida eng ta’sirlisi Rossiyaning yirik banklarini xalqaro tranzaksiyalar tizimidan uzish bo‘lgandi. Kuni kecha e’lon qilingan, Rossiya neft sanoatini nishonga olgan yangi sanksiyalar xuddi shunday darajadagi ta’sir kuchiga ega, deydi tahlilchi Shuhrat Rasul.

“Gazpromneft” va “Surgutneftgaz” kompaniyalari AQSh sanksiyalariga uchrashi Rossiya uchun qanday oqibatlarga ega bo‘ladi? Siyosiy tahlilchi Shuhrat Rasul “Geosiyosat” haftanomasida ushbu savol bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Yangi sanksiyalar nafaqat “Gazpromneft” va “Surgutneftgaz”, balki Rossiyaning eng yirik sug‘urta kompaniyalaridan bo‘lmish “Ingosstrax” va “AlfaStraxovaniye”ni ham o‘z ichiga oladi. Bungacha 15 ta paket sanksiyalar kiritilgan va ular orasidan eng kuchlisi SWIFT'dan uzish edi, mana shu to‘rtta kompaniyaga kiritilgan yangi sanksiyalarni esa zarar berish qudrati bo‘yicha shu bilan tenglashtirish mumkin.

Neft va neft mahsulotlariga sanksiyalar 2023 yil 10 fevralda kiritilgan edi, lekin Rossiya bu sanksiyalarni aylanib o‘tish mexanizmlarini ishlab chiqdi va cheklovlarni qisman devalvatsiya qildi. 2022 yilda Rossiya faqat neft sotishdan 374 milliard dollar tushum olgan. 2023 yilda esa sanksiyalar va neft narxi tushgani hisobiga, neft sotishdan tushum 221 milliard dollarni tashkil qilgan. 2024 yil uchun hali statistika yo‘q, lekin mutaxassislar fikriga ko‘ra, bu 200 mlrd dollardan kamroq bo‘ladi. Agar bu sanksiyalar olib tashlanmasdan izchil amalga oshirilsa, katta ehtimol bilan 2025 yil Rossiya Federatsiyasi neft bozorida bor-yo‘g‘i 120 yoki 130 milliard dollar tushum bilan yakunlashi mumkin. Raqamlarni 2022 yil bilan taqqoslasak, uch karraga tushib ketgan bo‘ladi.

Qolaversa, tankerlarga qaratilgan sanksiyalar ham bor. Rossiya qanday qilib sanksiyalarni aylanib o‘tayotgan edi? Ular dunyo bo‘yicha eski va yangi 400 dan ortiq tankerlarni sotib olib, keyin ularni o‘zlari sug‘urtaladi. Shakllangan an’anaga ko‘ra, neft va gazni sotish bo‘yicha sug‘urta amaliyotlarining 90 foizi Londonda amalga oshiriladi. Rossiya esa “Ingosstrax” va “AlfaStraxovaniye” orqali o‘zi sug‘urtalab, neftni asosan Hindiston, qisman Indoneziya, Janubi-Sharqiy Osiyo va Xitoyga sotayotgan edi. Hozir shu tankerlarning qariyb 300 tasi sanksiyaga tushdi.

Yangi sanksiyalar fonida, Xitoy hukumati qarori bilan barreli 60 dollardan qimmat narx bilan kelayotgan tankerlar uchun Pekin portlarini yopish haqida qaror chiqardi. Albatta, bu yangi sanksiyalar bilan hamohang, aks holda, Xitoy kompaniyalari ham sanksiyaga tushib qolishi mumkin.

Hindiston ham bir hafta avval narx ko‘rsatkichi bo‘yicha biz sanksiyaga tushadigan bo‘lsak, oldingi kelishuvlarni va shartnomalarni ko‘rib chiqamiz, deb aytgan.

Shuning uchun men aytmoqchiman, bu sanksiyalar o‘zining kuch-qudrati bo‘yicha Rossiyani SWIFT'dan uzish bilan teng.

Endi boshqa bir masala bor: sanksiyalarni qaysi ma’muriyat kirityapti? Ketayotgan Bayden ma’muriyati. Ertaga yangi ma’muriyat, masalan, respublikachilar, Tramp bu sanksiyalarni olib tashlasa yoki yumshatsa, bu paketning aytib o‘tilgan darajadagi samarasi bo‘lmaydi”, – deydi Shuhrat Rasul.

Ko‘proq yangiliklar: