Rossiya Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza rejimini joriy qilishni rejalashtirmayapti. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligining MDH davlatlari bo‘yicha uchinchi departamenti direktori Aleksandr Sternik ma’lum qildi.
«Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, bu kutilmayapti», dedi u.
Sternik so‘zlariga ko‘ra, viza rejimini joriy etish bo‘yicha muzokaralar «siyosiy elitaning alohida vakillari» tomonidan olib borilmoqda, biroq hozircha bu borada aniq taklif bildirilmagan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirgi sharoitda vakolatli organlar orqali ish faollashgan, shuningdek, Rossiyaga kirib kelayotgan chet el fuqarolari bilan Rossiyadagi hayotga osonroq moslashishi uchun ishlash darajasi oshgan.
Sternikning ta’kidlashicha, «bir qator mamlakatlarda rasmiylar hali hammani ish bilan ta’minlay olmaydi».
«Shuning uchun mehnat migratsiyasi obektiv talab qilinadigan jarayon bo‘lib, birinchi navbatda barcha fuqarolarini ish bilan ta’minlashga qodir bo‘lmagan davlatlar manfaatlariga javob beradi. Ammo, shu bilan birga, agar migratsiya hamkorligi shaffof, sivilizatsiyalashgan asosga qo‘yilsa, Rossiya iqtisodiyotiga ta’siri juda sezilarli bo‘ladi», deb tushuntirdi u.
Sternik noqonuniy migratsiyani har ikki tomon uchun ham qiyinchilik deb atadi.
«O‘ylaymizki, Markaziy Osiyo davlatlari ham, Rossiya ham migratsiya bo‘yicha hamkorlik sohasida «kulrang» zonalarni yo‘q qilishdan birdek manfaatdor. Chunki aniq qoidalarga rioya qilish orqali bizga kelayotgan xorijliklarga bir tomondan, firibgarlardan saqlanish imkonini beradi, boshqa tomondan, ularning Rossiya hududida bo‘lishining qonuniyligi ta’minlanadi, shuningdek, qo‘llab-quvvatlashning zarur ijtimoiy-huquqiy shakllaridan foydalanish imkoniyati paydo bo‘ladi», dedi Tashqi ishlar vazirligi departamenti direktori.