Rossiya banki rublning qulashi fonida 2024 yil oxiriga qadar valutalar xarididan voz kechdi

Jahon 21:56 / 27.11.2024 1788

Rossiya Markaziy banki 28 noyabrdan 2024 yil oxiriga qadar ichki valuta bozorida chet el valutasi xaridini to‘xtatadi.

Regulyator press-relizida aytilishicha, ushbu qaror «moliyaviy bozorlarning o‘zgaruvchanligini kamaytirish maqsadida» qabul qilingan. Shu bilan birga, RF Markaziy banki Milliy farovonlik jamg‘armasi mablag‘larini to‘ldirish va ulardan foydalanish doirasida chet el valutasini sotish bo‘yicha operatsiyalarni davom ettiradi.

Ichki valuta bozorida faoliyatni qayta tiklash to‘g‘risidagi qaror regulyator tomonidan «moliya bozorlaridagi mavjud vaziyatni hisobga olgan holda» qabul qilinadi. «Kechiktirilgan xaridlar 2025 yil davomida amalga oshiriladi», — deyiladi bank xabarida.

Rubl kursi 2024 yil avgustdan boshlab sezilarli darajada kuchsizlana boshladi. 27 noyabr kuni u dollar va yevroga nisbatan 9 foizga arzonlashdi. Forex birjadan tashqari valuta bozorida yevro kursi 120 rubldan, dollar kursi esa 114 rubldan oshdi — bu 2022 yilning martidan birinchi marta kuzatilmoqda. RF Markaziy banki press-relizi e’lon qilinganidan keyin rubl nisbatan mustahkamlanishni boshlagan.

Markaziy bank tomonidan o‘rnatilgan yevroning rasmiy kursi 113 rublni, dollar kursi esa 108 rublni tashkil etadi.

Ko‘proq yangiliklar: