Qayd qilinishicha, o‘tgan 10 oyda 26 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiya kiritilgan. Bu – o‘tgan yilga nisbatan 1,7 barobar ko‘p. Shundan qariyb 24 milliard dollari to‘g‘ridan to‘g‘ri sarmoyalardir. Noyabr-dekabr oylarida yana 8,6 milliard dollar investitsiya kelishi kutilmoqda.
Yig‘ilishda investitsiyalarning jalb etilishi hamda loyihalarning bajarilishi har bir hudud va tarmoq kesimida atroflicha tahlil qilindi. Sakkizta tuman va shaharda investitsiya ko‘rsatkichlari past bo‘lgan. Ayrim tarmoqlarda o‘tgan yilga nisbatan kamaygan. Xalqaro moliya institutlari bilan amalga oshirilayotgan ba’zi loyihalar sust bormoqda. Xususan, 17 ta loyiha hujjatini ishlab chiqish va tender jarayonlari kechikkan.
Yig‘ilishda mutasaddilar yil yakunigacha kutilayotgan natijalar va 2025 yilga mo‘ljallangan rejalar yuzasidan axborot berdi.
Prezident hududlarning investitsiyaviy faolligini yanada oshirish, bu boradagi yondashuvlarni tubdan o‘zgartirish shartligini ko‘rsatib o‘tdi. Masalan, Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki mamlakatimiz biznes muhitidagi ijobiy o‘zgarishlarni, iqtisodiyotimizning o‘sish sur’atlarini hisobga olib, xususiy sektor ishtirokidagi loyihalarni ham moliyalashtirishga tayyorligini bildirgan.
Hududlar bunday imkoniyatlardan unumli foydalanishi, mustaqil mablag‘lar ham jalb etishi kerak. Shu bilan birga, investitsiyalarning nafaqat hajmini, balki sifatini ham oshirish zarur. Ya’ni, jalb qilingan har bir dollar sanoatni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilishi lozim.
Yig‘ilishda xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy davlatlardan mablag‘ jalb etish hajmlari va yo‘nalishlarini yana bir bor ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yildi. 2025 yil uchun loyihalarni tarmoq va hududlar kesimida, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik va xususiy sarmoyalar yo‘nalishida aniq belgilab olish muhimligi ta’kidlandi.