AQSh Federal qidiruv byurosi (FQB) tomonidan eng ko‘p qidirilayotgan jinoyatchilar ro‘yxatiga kiritilgan Daniel Andreas San-Diyego Shimoliy Uelsda hibsga olindi, deb xabar berdi The Guardian.
46 yoshli radikal ekolog 2003 yilda Kaliforniyada teraktlarni sodir qilganlikda gumonlanmoqda. Sud uni Qo‘shma Shtatlarga ekstraditsiya qilishga tayyorgarlik ko‘ra boshladi.
2003 yil 8 avgustda Emerivildagi biotexnologiya korporatsiyasi kampusida ikkita bomba portladi. Shu yilning 26 sentabrida Plesanton shahridagi oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash korporatsiyasi ofisida ham bomba portlatildi. San-Diyego ushbu jinoyatlarga aloqadorligi taxmin qilinmoqda.
2009 yilda San-Diyego FQB tomonidan eng ko‘p qidirilayotgan terrorchilar ro‘yxatiga kiritildi. Uning hibsga olinishiga yordam beradigan ma’lumot uchun 250 ming dollar mukofot taklif qilingan edi.