Disney ayol xodimlariga erkaklardan kamroq maosh bergani sabab 43,3 mln dollar tovon to‘laydi

Jahon 23:39 / 26.11.2024 390

Walt Disney o‘rta bo‘g‘indagi menejer ayollarga shu lavozimdagi erkaklarga nisbatan tizimli ravishda kam maosh to‘lab kelganiga oid mojaroni hal etish uchun 43,3 million dollar to‘laydigan bo‘ldi. Bu haqda The Wall Street Journal xabar berdi.

Qayd etilishicha, bunday qaror 2019 yilda menejer Laronda Rasmussen Disney’ga nisbatan ilgari surgan da’vosi sabab boshlangan sud jarayoniga yakun yasashi mumkin. Hozirda ham kompaniyada faoliyat yuritayotgan ayolning da’vosiga keyinchalik yana to‘qqiz kishi qo‘shilgan.

Da’voda ta’kidlanishicha, Disney qariyb 10 yil mobaynida o‘rta bo‘g‘indagi menejer ayollarga xuddi ular kabi tajriba va ko‘nikmaga ega erkaklarga nisbatan qariyb 151 million dollar kamroq maosh to‘lagan.

Disney mazkur ayblovni rad etadi va mojaroni hal etish yo‘lida e’tirozlarni tan olmaydi. «Biz doim o‘z xodimlarimizga adolatli maosh to‘lashga intilganmiz», — deyiladi kompaniya bayonotida.

Disney’ning mojaroni hal etish bo‘yicha da’vogarlar bilan bitimi sudya tomonidan ma’qullanishi kerak. Uning imzolanishi kompaniyaga sud hay’ati ishtirokidagi jarayonlardan qutulib qolish imkonini beradi.

26 noyabr kungi savdolarda Disney aksiyalari qiymati 0,2 foizga tushib ketgan, yil boshidan beri esa ularning qiymati 28,5 foizga oshgan.

Ko‘proq yangiliklar: