«Siti» yana 4 ta gol o‘tkazdi, «Barsa» kambek qurboni. Kun o‘yinlari

Sport 12:00 6870

Angliya: Edegor effekti

«Lester» – «Chelsi» 1:2
Gollar:
0:1 – 15 Jyekson, 0:2 – 75 Fernandes, 1:2 – 90+5, penalti Ayyu.
«Lester» – Hermansen, Kristiansen, Okoli, Fas, Jastin, Al-Hannus (Dekordova-Rid, 79), Uinks (Skipp, 11), Sumare, Ndidi (Ayyu, 71), Makatir (Mavididi, 71), Vardi (Daka, 79).
«Chelsi» – Sanches, Kukurelya, Koluill, Badyashil, Fofana, Fernandes, Kaysedo (Laviya, 81), Joau Feliks (Nkunku, 81), Palmer, Madueke (Sancho, 85), Jyekson (Dyuzberi-Holl, 90+1).
Ogohlantirishlar: Ndidi (22), Sumare (29), Skipp (31), Kaysedo (40), Sanches (66), Kuper (68), Fas (79), Laviya (90+4).

«Chelsi» kunning birinchi o‘yinida Lesterda g‘alabaga erishib, kuchli uchlikdagi pozitsiyasini saqlab qoldi. Ko‘klar ilk daqiqalardan o‘yin nazoratini qo‘lga oldi va mehmonlar hisobni ochishi vaqt masalasi bo‘lib turgandi. Birinchi gol muallifi Jyekson bo‘ldi, senegallik hujumchi jarima maydoni yaqinida to‘p uchun kurashda ustun keldi va Enso Fernandes uzatgan to‘pni burchakka aniq joyladi. Argentinalik yarimhimoyachi barcha turnirlar doirasidagi so‘nggi uch o‘yinda o‘z hisobiga oltita golli pas yozib qo‘ydi, o‘tgan mavsumda tanqidlardan boshi chiqmagan Jyekson esa — londonliklar klubi uchun urgan gollari soni bo‘yicha Ernan Krespodan o‘zib ketdi (21). Ikkinchi bo‘limda ham o‘yin masalasini ushbu juftlik hal qildi. Senegallik to‘purar bosh bilan yo‘llagan zarbani darvozabon qaytardi, to‘pga birinchi bo‘lib Enso yetib keldi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda «tulkilar» penaltidan javob qaytarishdi, ammo ikkinchi golga vaqt qolmagandi.

«Arsenal» – «Nottinghem Forest» 3:0
Gollar:
1:0 – 15 Saka, 2:0 – 52 Parti, 3:0 – 86 Nvaneri.
«Arsenal» – Rayya, Kalafiori (Zinchenko, 67), Gabriel, Saliba, Timber (Kiver, 88), Merino, Jorjinio (Parti, 46), Edegor (Nvaneri, 82), Trossar, Gabriel Jyezus, Saka (Sterling, 83).
«Nottinghem Forest» – Zels, Moreno (Uilyams, 73), Murillo, Milenkovich, Ayna, Dominges (Sosa, 63), Uord-Prouz, Hadson-Odoi, Yyeyts, Elanga (Silva, 46), Avoniyi (Vud, 63).
Ogohlantirishlar: Jorjinio (24), Gabriel Jyezus (31), Saka (44), Ayna (45+5), Yyeyts (69).

«Arsenal»da jarohatlanganlar asta-sekinlik bilan safga qaytishmoqda. «Nottinghem» bilan o‘yinda Kalafiori boshlang‘ich tarkibdan joy oldi, Rays esa zaxira o‘rindig‘ida, ammo asosiysi — Edegor yana o‘ynayotgani. Norvegiyalik tarkibda bo‘lganida va u yo‘qligida jamoa butunlay boshqacha o‘yin ko‘rsatmoqda, aynan u hisob ochilgan hujumda asosiy ishni bajardi va Sakani golli pas bilan ta’minladi. Bu futbolchi esa — barcha ligalar bo‘yicha uy o‘yinlaridagi eng xavfli futbolchi. U bu mavsumda «Emireyts»dagi olti o‘yinda to‘rt gol urib, besh golga uzatma bergan.

Ikkinchi bo‘limda Parteyning goliga assist berganida Saka «Arsenal»ning APL doirasidagi o‘yinlari bo‘yicha eng yaxshi assistentlari ro‘yxatida 43 ball bilan o‘z ustozi Mikel Artetani ortda qoldirdi. «O‘rmonchilar»ni uzil-kesil taslim etgan Nvaneri ham tarixga kirdi. U 17 yoshida jamoa safida gol urgan eng yosh futbolchilar orasida Sesk Fabregasdan keyingi ikkinchi futbolchi. 2024 yil boshidan buyon quruq g‘alabalar soni bo‘yicha yaqqol yetakchi bo‘lib turgan (15 o‘yinda darvoza daxlsizligi saqlangan) «Arsenal» endi ochkolar soni bo‘yicha «Chelsi» bilan tenglashib, 3-4 o‘rinlarni bo‘lishib turibdi.

«Manchester Siti» – «Tottenhem» 0:4
Gollar:
0:1 – 13 Meddison, 0:2 – 20 Meddison, 0:3 – 52 Porro, 0:4 – 90+3 Jonson. 
«Manchester Siti» – Ederson, Gvardiol, Akanji, Stounz (Ake, 46), Uoker, Bernardu Silva, Lyuis (Grilish, 74), Gundo‘g‘an, Foden, Savio (de Bryuyne, 74), Holand.
«Tottenhem» – Vikario, Udodji, Devis, Dregushin, Porro, Meddison, Bissuma, Sarr, Son Hyon Min (Jonson, 63), Solanke, Kulusevski.
Ogohlantirishlar: Bissuma (1), Lyuis (55), Bernardu Silva (78), Sarr (80), de Bryuyne (80).

Xosep Gvardiola «Manchester Siti» bilan yangi shartnoma tuzdi va kelajagi borasidagi mish-mishlarga chek qo‘ydi, ammo «shaharliklar» hozircha inqirozdan chiqib ketolmadi. Qolaversa — ular «Tottenhem» bilan o‘yinda tahqiromuz hisobda mag‘lubiyatga uchradi, bu jamoaga yaqinda Angliya ligasi kubogida ham mag‘lub bo‘lingandi. Qatorasiga besh mag‘lubiyat — Pepning karerasidagi yangi tub. «Shporlar» endi kataloniyalik mutaxassis uchun eng noqulay raqibdir, uning jamoasini bungacha hech bir raqib to‘qqiz bor yengmagandi.

Shanba kuni «shaharliklar»ning «Etihad»dagi rekord darajadagi mag‘lubiyatsiz seriyasiga ham barham berildi. Jamoa o‘z muxlislari qarshisida 52 o‘yindan buyon yutqazmayotgandi, bu o‘yinda esa shu kuni tug‘ilgan kunini nishonlagan Meddison 20-daqiqagacha dublni rasmiylashtirdi. Birinchi holatda Kulushevskining diagonal uzatmasi vaqtida ushbu yarimhimoyachi olis ustun yaqinida bo‘sh qoldirildi. Ikkinchi gol pressing natijasida urildi, Gvardiol qanotda turib to‘pni raqibga uzatib berdi, to‘pni egallab olgan Jyeyms Son Xin Min bilan devor uslubida o‘ynab, zarba berish nuqtasiga chiqib bordi.

Ikkinchi bo‘limda Porro intrigaga uzil-kesil barham berdi, qo‘shimcha daqiqalarda esa Jonson ham o‘z nomini tabloga yozdirib, mezbonlarga 2003 yildan buyon o‘z uyidagi eng yirik mag‘lubiyatini taqdim etdi (o‘shanda jamoa «Arsenal»ga 1:5 hisobida mag‘lub bo‘lgan). Endi «Siti» o‘z ta’qibchilari «Chelsi», «Arsenal» va «Brayton»ni atigi bir ochkolik farq masofasida o‘ziga yaqinlashtirgan, tur o‘yinini yakshanba kuni  o‘tkazadigan «Liverpul»da esa ikkinchi o‘rindan sakkiz ochkoga o‘zib ketish imkoniyati bor.

Ispaniya: Simeonening 700-o‘yini

«Atletiko» – «Alaves» 2:1
Gollar:
0:1 – 7, penalti Guridi, 1:1 – 76, penalti Grizmann, 2:1 – 86 Serlot.
«Atletiko» – Oblak, Galan (Serlot, 46), Langle, Vitsel, Aspilikueta, Lino (De Paul, 64), Koke (Rikelme, 70), Barrios, Lorente (Simeone, 46), Grizmann, Korrea (Alvares, 59).
«Alaves» – Sivera, Sanches (Stoichkov, 88), Mourino (Sedlar, 85), Abkar, Tenalya, Antonio Blanko, Gevara, Martin (Konechni, 85), Guridi (Diarra, 72), Visente, Kike Garsiya (Toni Martines, 73).
Korrea (45+2), Antonio Blanko (58), Sanches (70), Garsiya (75), Simeone (87), Konechni (88), Alvares (90), De Paul (90+6).

Diyego Simeone — Ispaniyaning biror klubida 700 o‘yin o‘tkazgan ilk murabbiyga aylandi. Bu Aleks Fergyusonning «MYu» zaxira o‘rindig‘idagi 1500 o‘yini fonida kamtrona ko‘rinsa-da, hozirgi davr raqamlari orasida aql bovar qilmas natija. Va argentinalik mutaxassis o‘z yubileyida asabiylashishga majbur bo‘ldi, chunki «Atletiko» debyutdayoq ahmoqona tarzda to‘p qo‘lga tegishi tufayli belgilangan penaltidan gol o‘tkazib yubordi. «Alaves» o‘z tarixida ilk bor «Metropolitano»dagi o‘yinda hisobni ochdi, ammo baribir o‘yin oxirida «matraschilar» bosimiga dosh berolmadi. Mehmonlar ham Grizmann aniq ijro etgan penaltidan gol o‘tkazishdi, keyin esa jokerlar o‘z so‘zini aytishdi. De Paul shvedka uslubida himoyachilar ortiga pas uzatdi, Serlot esa yaqin burchakka kuchli zarba yo‘lladi. Madridliklar Simeone boshqaruvida 413-g‘alabasiga erishdi (jami o‘yinlardan 59 foizida)! Kambeklar esa — «Atletiko» uchun bu mavsumda odatiy hodisaga aylangan, qizil-oqlar jamoasi birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yuborgan o‘yinlarida yetti ochko olishgan.

«Selta» – «Barselona» 2:2
Gollar:
0:1 – 15 Rafinya, 0:2 – 61 Levandovski, 1:2 – 84 Gonsales, 2:2 – 86 Alvares.
«Selta» – Guaita, Mingesa, Alonso, Starfelt, Xavi Rodriges, Bamba (Gonsales, 62), Moriba, Beltran (Sotelo, 75), Alvares, Duvikas (Iglesias, 75), Aspas (Duran, 90).
«Barselona» – Penya, Martin (Fort, 46), Martines, Kubarsi, Kunde, Kasado, Pedri (Lopes, 75), Olmo (Torre, 89), Gavi (de Yong, 75), Rafinya, Levandovski (Viktor, 89).
Ogohlantirishlar: Martin (3), Aspas (45+1), Xavi Rodriges (60), Kasado (75), Fort (80), Sotelo (87), Lopes (90+1).
Chetlatish: Kasado (82).

Vigodagi o‘yin ko‘pincha «Barselona» uchun qiyin kechgan. Bu safar ham maydonda hissiyotlar jo‘sh urdi, galisiyaliklar sardorii Aspas esa birinchi bo‘lim oxirida hissiyotlarini tiyib turolmadi va sariq kartochka ishladi. Bunga kataloniyaliklar himoyachisi Martinning foli bo‘ldi, u bo‘lim davomida qizil kartochkaga ham mos o‘yin ko‘rsatgandi. Ammo hakam yosh futbolchini kechirdi, Rafinyaning navbatdagi goli esa mehmonlarni hisobda oldinga olib chiqdi. Braziliyalik hujumchi noyabrdayoq 8 gol urib ulgurdi, bu uning «Barsa»dagi eng yaxshi ko‘rsatkichi va shubha yo‘qki, Yevropadagi eng yaxshi natijasini ham yaxshilaydi («Lids»dagi 11 gol).

Hansi Flik tavakkalchilik qilmadi va tanaffusda Martin o‘rniga Fortni tushirdi. Ammo bu ham, Levandovskining bu mavsumdagi 15-goli ham yordam bermadi. 82-daqiqada Kasado maydondan chetlatildi, shundan keyin «Selta» mag‘lubiyatdan qutulib qolishi uchun to‘rt daqiqa yetarli bo‘ldi. Mezbonlarga Kunde ham yordam berib yubordi, u oddiy vaziyatda ishonchsiz harakat qilib, Gonsales o‘zini aldab o‘tishi va hisobni qisqartirishiga yo‘l qo‘ydi. Keyin esa Ugo Alvares sovuqqonlik borasida dars o‘tdi. U bitta harakat bilan Fortni yo‘ldan Oldi va qutqaruvchi goli bilan muxlislarni aqldan ozdirdi. Bu zaxirada ikki o‘yini bor «Real» uchun ajoyib imkoniyat yuzaga keltirdi.

Italiya: «Inter»ning kuchi va «San-Siro»dagi zerikarli o‘yin

«Verona» — «Inter» 0:5
Gollar:
0:1 – 17 Korrea, 0:2 – 22 Tyuram, 0:3 – 25 Tyuram, 0:4 – 31 de Vrey, 0:5 – 41 Bissek.
«Verona» – Montipo, Davidovich (Gilardi, 46), Manyani, Danilyuk, Bradarich (Lazovich, 46), Xarrui (Silva, 46), Belaen, Serdar, Tshatshua, Moskera (Sarr, 46), Tengstedt (Suslov, 69).
«Inter» – Zommer, Bastoni (Frattezi, 62), Acherbi (de Vrey, 15), Bissek, Karlos Augusto (Byukenen, 74), Mxitaryan, Aslani, Barella (Zelinski, 46), Darmian, Korrea, Tyuram (Arnautovich, 62).
Ogoxlantirishlar: Davidovich (33), Belaen (55), Arnautovich (90+2).

Italiyada tur bu mavsumda o‘z maydonida muntazam ravishda 2-3 tadan gol o‘tkazayotgan «Verona»ning xo‘rlanishi bilan boshlandi. «Inter» yanada golga tashna bo‘lib chiqdi va tanaffusga qadar hisobni 5:0 ko‘rinishiga keltirdi. Holbuki Simone Indzagi Chempionlar ligasi arafasida qator yetakchilariga dam berishga qaror qilgandi, bu esa Korrea uchun qo‘l keldi. Murabbiy «Latsio»dan o‘zi bilan olib kelgan ushbu futbolchi formasini yo‘qotgan, ammo shanba oqshomida argentinalik futbolchi o‘zi ham gol urdi va sheriklariga ikki bor assistentlik qildi. O‘yinda ikki himoyachi o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi, 15-daqiqada jarohat olgan Acherbi o‘rniga tushgan de Frey hamda tez-tez gol urib turadigan Bissek. Neradzurrilar A seriyada bungacha faqat bir marta, 1964 yilda «Sampdoriya» bilan o‘yinda birinchi bo‘limdayoq besh marta raqib darvozasini ishg‘ol etgandi.

«Milan» – «Yuventus» 0:0
«Milan» – Menyan, Teo, Tiav, Gabbiya (Pavlovich, 84), Emerson (Kalabriya, 84), Reynders, Fofana, Loftus-Chik (Pulishich, 70), Rafael Leau, Morata, Musa (Chukvueze, 84).
«Yuventus» – Di Gregorio, Kambiyazo, Gatti, Kalulu, Savona (Danilo, 90+1), Tyuram, Lokatelli, Yildiz (Mbangula, 90+1), Fransishku Konseysau (Vea, 80), Makkenni (Fadjoli, 80), Kopmeyners.
Ogohlantirishlar: Rafael Leau (26), Gatti (27), Emerson (67), Fofana (69), Lokatelli (86).

Yaqinda «Yuventus» «San-Siro»da «Inter» bilan gollarga boy o‘yin o‘tkazgandi (4:4). Ammo turinliklarning Milanga qaytishi maksimal darajada zerikarli kechdi. Ikki jamoa futbolchilari ham o‘ta tig‘iz joylashdi, o‘ta ehtiyotkorlik bilan harakatlanishdi va darvozalar qarshisida deyarli xavfli vaziyatlar yuzaga keltirilmadi. Shunday ekan, prinsipial raqiblar o‘rtasida qatorasiga ikkinchi bor golsiz durang qayd etilishi mantiqiy bo‘ldi. Kun yakunlariga ko‘ra, rossonerilar va byankonerilar turnir jadvalida mos ravishda oltinchi va yettinchi o‘rinlardan joy olishgan. Yakshanba kungi o‘yinlardan keyin milanliklar «Bolonya»ni oldinga o‘tkazib yuborishi ham mumkin.

«Parma» – «Atalanta» 1:3
Gollar:
0:1 – 4 Retegi, 0:2 – 39 Ederson, 1:2 – 49 Kancheleri, 1:3 – 75 Lukman.
«Parma» – Sudzuki, Valeri, Balog, Del Prato, Kulibali (Eno, 71), Zom, Esteves (Almkvist, 71), Benedichak (Mixeile, 46), Man, Kancheleri (Sharpante, 82), Bonni (Hoji Muhammad, 71).
«Atalanta» – Karnezekki, Toloi (Skalvini, 82), Xin, Kossunu, Pashalich (Breshianini, 55), Rudjyeri, Ederson, de Ron, Bellanova (Kuadrado, 70), Lukman (Samarjich, 82), Retegi (de Ketelare, 55).
Ogohlantirishlar: Gasperini (54), Rudjyeri (88), de Ron (90+3).
Chetlatish: Gasperini (54).

«Atalanta» va bergamoliklarning gol mashinasi Retegi esa hech qachon zeriktirmaydi. Italiya fuqaroligini olgan argentinalik hujumchi debyutdayoq hisobni ochdi va «kuchli beshlik» chempionatlarida bosh bilan urilgan gollar bo‘yicha peshqadamlik qilmoqda (4). Tanaffus arafasida Ederson Rudjyerining aniq o‘lchangan uzatmasidan keyin to‘pni bo‘sh darvozaga kiritib yuborishi qolgandi. «Parma» ham taslim bo‘lmadi va ikkinchi bo‘lim boshida Kancheleri o‘yinga intrigani qaytardi. Jan Piyero Gasperini esa shu qadar asabiylashdiki, navbatdagi marta qizil kartochka oldi. Holbuki tashvishlanishga hojat yo‘q edi. Lukman «Atalanta»ga qulay hisobni qaytardi va jamoani birinchi o‘ringa olib chiqdi. Endi bergamoliklar yakshanba kuni «Napoli», «Fiorentina» va «Latsio» qanday javob qaytarishini kutishadi. Turnir jadvalining yuqori qismida jamoalar o‘ta tig‘iz joylashgan holda qolmoqda.

Germaniya: Shik quturdi

«Bayyer» – «Haydenhaym» 5:2
Gollar:
0:1 – 10 Dorsh, 0:2 – 21 Xonzak, 1:2 – 30 Palasios, 2:2 – 32 Shik, 3:2 – 52 Shik, 4:2 – 71 Shik, 5:2 – 82 Jaka.
«Bayyer» – Gradetska, Inkapie, Ta, Tapsoba, Aleish Garsiya (Artur, 69), Virts (Tere, 77), Grimaldo, Jaka, Palasios (Andrix, 77), Frimpong (Tella, 45+3), Shik.
«Haydenhaym» – Myuller, Ferenbah, Gimber, Maynka, Traore, Bek (Konte, 62), Sheppner, Melouni (Kerber, 84), Dorsh (Siyenza, 62), Honzak (Kaufmann, 62), Piringer (Vanner, 28).

Top-4 dagi o‘rnini saqlab qolgan «Bayyer» o‘z muxlislari qarshisida hissiyotlarga boy o‘yin o‘tkazdi, amaldagi chempionlar mudofaa chizig‘i o‘yinning dastlabki qismida ochiq darvozani eslatardi. Ayniqsa, Honsak maydon markazidan yorib kirishga muvaffaq bo‘lgan epizodda. U xuddi mashg‘ulotlardagi manekenlar orasidan o‘tgandek harakatlandi. «Haydenhaym»ning birinchi goli esa Inkape to‘pni osonlik bilan yo‘qotishi oqibatida urilgandi. Ammo leverkuzenliklar ham mehmonlarning mudofaasini izdan chiqardi va Palasios zarba berish nuqtasiga chiqib borib, hisobni qisqartirganida raqib parchalanib ketdi. Ikki daqiqa ichida 0:2 hisobi 2:2 ko‘rinishiga o‘zgardi, shundan keyin Xabi Alonsoni to‘xtatib bo‘lmadi. Bonifeys tufayli asosiy tarkibdan chetda qolgan Shik esa shu kuni «Bayyer» safidagi uchinchi het-trigini nishonladi — bundan ko‘prog‘iga faqat klub afsonasi Ulf Kirsten erishgan (7). Jaka esa o‘z uslubidagi uzoq masofadan yo‘llagan chiroyli goli bilan o‘yindagi yakuniy hisobni o‘rnatdi.

«Borussiya» D – «Frayburg» 4:0
Gollar:
1:0 – 7 Bayyer, 2:0 – 40 Nmecha, 3:0 – 66 Brandt, 4:0 – 77 Gittens.
«Borussiya» D – Kobel, Bensebayni (Yan Kouto, 78), Shlotterbek, Anton, Ryuerson (Kabar, 82), Nmecha, Gittens (Dyuranvil, 78), Brandt (Reyna, 78), Zabitser (Gross, 69), Malen, Bayyer.
«Frayburg» – Atubolu, Gunter, Linxart, Ginter, Kyubler (Rozenfelder, 61), Hefler (Adamu, 61), Eggeshtayn, Grifo (Musliya, 73), Osterhage, Doan (Sildiyya, 73), Heler (Makengo, 81).
Ogohlantirishlar: Osterhage (58), Yan Kouto (80).
Chetlatishlar: Osterhage (63), Adamu (90+3).

«Borussiya» o‘z prinsiplariga sodiq. Qora-sariqlar safarda bundesliganing istalgan vakiliga yutqazishi mumkin, ammo Dortmundda ular mukammal harakat qiladi. Hatto turnir jadvalidagi qo‘shni bilan o‘yinda ham. O‘yin startidayoq Bensebaini to‘pga bir teginishda Bayyerni darvoza qarshisiga chiqardi va hisob ochildi. Hisobdagi ustunlikni saqlab qolishda omad ham mezbonlarga kulib boqdi, Kobel o‘ta murakkab zarbani qaytganida yo‘llangan birinchi takroriy zarba to‘singa bordi, ikkinchisi «asalarilar» himoyachisining boshiga tegdi.

Bo‘lim oxirida esa Nmecha uzoqdan yo‘llagan aniq zarbasi bilan «Borussiya»ni qulay hisobda tanaffusga olib ketdi, ikkinchi bo‘limda esa «Frayburg» bir kishi kam bo‘lib qoldi va yirik hisobda mag‘lubiyatga uchradi. Barcha turnirlardagi o‘yinlar hisobga olinsa, dortmundliklar qatorasiga 11 uy o‘yinida g‘alaba qozongan. Bir haftadan keyin aniq bo‘ladi: Nuri Shahin shogirdlari 1994 yilgi rekord (14 g‘alaba) uchun yo‘lni davom ettira oladimi? Keyingi haftada nemis klasikosi doirasida «Bavariya» «Signal Iduna Park» sehrini yo‘qqa chiqarish uchun keladi.

«Hoffenhaym» – «Leypsig» 4:3
Gollar:
0:1 – 15 Orban, 1:1 – 17 Glojyek, 1:2 – 19 Nusa, 2:2 – 50 Bisxof, 2:3 – 67, avtogol Nsoki, 3:3 – 82 Glojyek, 4:3 – 86 Bruun Larsen.
«Hoffenhaym» – Baumann, Prass (Akpoguma, 86), Nsoki, Chaves, Kaderjabek, Bisxof (Toxumju, 81), Shtax, Byulter, Kramarich (Bruun Larsen, 81), Glojyek, Tabakovich (Berisha, 61).
«Leypsig» – Gulachi, Lukeba, Orban, Klostermann (Gertryuyda, 46), Baumgartner, Sheshko (Uedraogo, 60), Nusa, Kampl (Aydara, 76), Vermeren (Zayvald, 60), Xenrixs, Openda (Andre Silva, 82).
Ogohlantirishlar: Kramarich (75), Lukeba (85), Kaderjabek (90).

«Borussiya» hozircha beshinchi o‘ringa ko‘tarildi va bu turda yutqazgan «Leypsig» bilan oradagi farqni ikki ochkogacha qisqartirdi. «Ho‘kizlar» jamoasi «Hoffenhaym» maydonidagi o‘yinda uch marta hisobda oldinga chiqib oldi, ammo o‘yin oxirida ochkodan quruq qoldi. Avvaliga Glojyek uzoq burchakni aniq nishonga olib, hisobni tenglashtirdi, keyin esa «qishloqliklar» Brun-Larsenning goli evaziga g‘alabani ilib ketishdi.

«Ayntraxt» F – «Verder» 1:0 
Gol:
1:0 – 45 Gyotse.
«Ayntraxt» F – Trapp, Braun, Teate, Kox, Kollinz, Knauff (Baoyya, 66), Tuta, Sxiri, Gyotse (Larsson, 81), Marmush (Shaibi, 81), Ekitik (Matanovich, 89).
«Verder» – Tsetterer, Velkovich, Fridl, Shtark (Piper, 86), Shmid, Gryull (Ndjinma, 63), Ken (Deman, 77), Linen (Alvero, 86), Bitenkur (Topp, 77), Vayzer, Duksh.
Ogohlantirishlar: Ken (27), Verner (49), Linen (54), Marmush (56), Sxiri (90+4).

Shanba kungi dasturdagi eng oxirgi o‘yinda g‘alaba qozongan «Ayntraxt» esa ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. «Burgutlar»ning eng yaxshi to‘purari Marmush bir necha vaziyatga ega bo‘lganiga qaramay, bu safar maydonni golsiz tark etdi. Lekin Gyotsening yagona goli uch ochko olib keldi, tajribali futbolchi Ekitike raqib jarima maydoni markaziga uzatgan to‘pga ideal darajada ochildi. Bu Dino Toppmeller jamoasining barcha turnirlar doirasidagi qatorasiga beshinchi g‘alabasi bo‘ldi.

Fransiya: Xavfli mehmon

«Lans» – «Marsel» 1:3
Gollar
: 0:1 – 49 Ronjye, 0:2 – 57 Luis Enrike, 1:2 – 80 Fyuljyeni, 1:3 – 89 Heyberg.
«Lans» – Samba, Medina, Danzo, Sarr (Zaruri, 69), David Koshta (Al-Enaui, 58), Sotoka (Labo-Laskari, 58), Machado, Odjyediran (Fyuljyeni, 77), Tomasson (Diuf, 58), Frankovski, Nzola.
«Marsel» – Ruli, Balerdi, Kondogbia, Murilio, Garsiya, Rabio, Heyberg, Ronjye (Nadir, 78), Luis Enrike, Mope (Vai, 90+2), Grinvud (Rou, 81).
Ogohlantirishlar: Ronjye (19), Frankovski (37), Kondogbia (65), Machado (74), Danzo (83), Garsiya (90+1).

«Marsel» «Monako» ilgarilab ketishiga yo‘l qo‘ymadi va Lansdagi g‘alaba bilan «Lill»ning yakshanba kungi o‘yinida qanday natija qayd etilishidan qat’i nazar uchinchi o‘rinni o‘zida saqlab qoladigan bo‘ldi. Ikkinchi o‘rindan uch ochkoga ortda qolayotgan provansalliklar bu mavsumda ayniqsa safarda kuchli o‘yin ko‘rsatmoqda, jamoa o‘z tarixida ilk bor mavsum startidagi yetti safar o‘yinida olti bor g‘alabaga erishdi. Ammo «Velodrom» mehmonlarni cho‘chita olmayapti. Aks holda, Roberto De Dzerbi klubning XXI asrdagi barcha rekordlarini yangilagan bo‘lardi. Faqat uy uchrashuvlaridagi ochko yo‘qotishlar tufayli «Marsel» 12 turdan keyin 23 ochko bilan cheklangan, bu Marselo Biyelsa (28) va Xorxe Sampaoli (24) kabi murabbiylarning ilk mavsumdagi natijalaridan yomonroq. Shanba kungi o‘yinda esa diskvalifikatsiya tufayli Abduqodir Husanovning xizmatlaridan foydalana olmayotgan mezbonlar forvard Mopening ikkita egizak pasi qurboni bo‘lishdi, Fyuljyeni hisobni qisqartirgan bo‘lsa-da, so‘nggi daqiqalarda Heyberg jarima zarbasini aniq ijro etib, o‘yinga nuqta qo‘ydi.

Kun statistikasi

Ko‘proq yangiliklar: