15 yanvar kuni Toshshartransxizmat AJ rasmiylari hamda OAV vakillari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda jamiyatning boshqaruv raisi birinchi o‘rinbosari Rustam Shomurodov 675 ta infokiosk Toshkent shahri bo‘ylab qaysi manba hisobidan o‘rnatilishini aytib o‘tdi, deb xabar berdi Kun.uz muxbiri.
Qayd etilishicha, bunda davlat hisobidan mablag‘ sarflanmaydi. Mas’uliyat tadbirkor zimmasiga yuklatiladi.
“Shuni aytish lozimki, [bu bo‘yicha] davlat bir tiyin “rasxod” qilmayapti. Kechaning o‘zida 2 700 ta nuqta [QR chipta sotiladigan joy] Toshkent shahri bo‘yicha qo‘shildi, shunday qilib Toshkent shahri bo‘yicha QR chiptalarni sotib olish imkoniyati mavjud 8 mingta nuqta paydo bo‘ldi. O‘zi bekatlar 2 600 ta bo‘lsa, 8 mingta nuqtada QR chiptani sotib olsa bo‘ladi.
Yana bir narsani aytish lozimki, bu hozir bo‘lmasa ham, ekranda chiqqan QR kodni rasmga olib, avtobusga o‘rnatilgan validatorga ko‘rsatsangiz, to‘lov qabul qilinadi.
Muammolardan kelib chiqib, ATTO, Paynet yechimlarini ishlab chiqib, qattiq ish olib borishyapti”, – deydi u.
Qolaversa, anjumanda qatnashgan Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirakbar Ikromov avtobuslarda naqd puldan voz kechilishi ortidan muammolar yuzaga kelishi inobatga olinmaganiga ishora qildi.
“To‘g‘ri tushunishingizni istardim, bu yangi tizim bo‘lgani uchun biz hamma nyuanslarini ko‘rib, bilolmasdik. Hozirgi kunda masalalar bo‘ldiki, yoshi katta yo‘lovchilarimiz [QR kodli chipatalardan] foydalanish imkoniyati cheklanib qolgani haqida ko‘p e’tirozlar keldi. Biz bu bo‘yicha oflayn shaklda QR chiptani sotish va bu osonroq bo‘lishini ta’minlash maqsadida 2 700 ta nuqtani ochib yubordik. U yerda qanday savoli bo‘lsa, berishi mumkin bo‘ladi hamda ortiqcha harakatlarsiz [javobini] olish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, – dedi u.
Avvalroq transport vaziri Ilhom Mahkamov 2025 yil oxirigacha avtobus bekatlarida QR-kodli bir martalik qog‘oz chiptalarni xarid qilish uchun 675 dona infokiosk ham o‘rnatilishini e’lon qilgandi.
Vazir “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida poytaxtda ayni paytda 5100 ta infokiosk borligi, shulardan 769 tasi avtobus bekatlarida o‘rnatilganini ta’kidlagandi.
Mahkamovning ta’kidlashicha, 2025 yil 1 fevralga qadar Toshkent shahrida jamoat transportini rivojlantirish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqilishi, shuningdek, yangi dastur qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.