Rossiya dumasi xorijda yashovchi «chet el agentlarini» javobgarlikka tortish niyatida

Jahon 15:14 602

Rossiya Davlat dumasining «Xorijiy davlatlarning Rossiya ichki ishlariga aralashuvi faktlari»ni tekshirish komissiyasi 14 yanvar, seshanba kuni parlamentning bahorgi sessiyasida «noqonuniy faoliyatga chek qo‘yish»ga qaratilgan qonun loyihalari paketini qabul qilish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Unda Rossiyada «chet el agenti» sifatida tan olingan shaxslar va tashkilotlar nazarda tutilgan.

Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasiga xorijda joylashgan «chet el agentlari»ni javobgarlikka tortish imkonini beruvchi o‘zgartish kiritish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, e’lon qilingan paketdagi qonun loyihalarining bir qismi, komissiya raisi Vasiliy Piskarevning so‘zlariga ko‘ra, «chet el agentlari»ning Rossiya «ta’lim va ma’rifat tizimi»ga «ta’siri»ning oldini olishga qaratilgan. Parlament a’zosi hech qanday qo‘shimcha ma’lumot taqdim etmadi.

«Chet el agentlari»ga passiv daromad olish taqiqlandi

28 dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin «chet el agentlari»ning Rossiyada passiv daromad olishini taqiqlovchi qonunni imzoladi. Endilikda «chet el agentlari» yoki ularga mablag‘ o‘tkazuvchi shaxslar ko‘chmas mulk va transport vositalarini sotishdan tushgan daromadlar, shuningdek, ularni ijaraga berishdan olingan daromadlar, omonat foizlari va dividendlar, intellektual faoliyat, ijodiy faoliyatdan olingan daromadlarni depozitga qo‘yish uchun maxsus hisobvaraqlar ochishlari shart. Ushbu mablag‘lardan faqat «chet el agenti» maqomi bekor qilingandan keyingina foydalanish mumkin bo‘ladi.

Hozirgi vaqtda Rossiya Federatsiyasidagi «chet el agentlari» ro‘yxatiga 400 dan ortiq shaxslar kiradi. 2023 yil boshidan 2024 yil o‘rtalariga qadar Rossiyada «chet el agentining faoliyati tartibini buzganlik» uchun jami 25,8 million rubl miqdorida jarimalar qo‘llandi.

Davlat dumasi «nomaqbul» tashkilotlar doirasini kengaytirdi

2024 yil 8 fevralda Vasiliy Piskarev «nomaqbul tashkilotlar» ro‘yxatiga nafaqat nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT), balki davlat xorijiy va xalqaro tashkilotlarni ham kiritishni taklif qildi. O‘sha yilning 23 iyulida Duma tegishli qonun loyihasini qabul qildi.

Ko‘proq yangiliklar: