Davlat budjetidan tuman (shahar)larda kichik otellarni qurish va jihozlashga sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash uchun bir martalik subsidiya ajratiladi. Bunda subsidiya yangi qurilgan (rekonstruksiya qilinmagan) mehmonxonalar va kichik otellarga uning toifasi va xonalar sonidan kelib chiqib, 2025 yil 1 yanvardan 2026 yil 31 dekabrgacha bo‘lgan davrda muvofiqlik sertifikati berilganlari uchun ajratiladi.
Subsidiya olish uchun davlat xizmatlari markazlari va YaIDXPga murojaat qilish lozim. Respublikaning 22 ta tuman (shahar)ida (mehmonxona mavjud bo‘lmagan) kichik otellar uchun subsidiya miqdori xonalarning umumiy soniga qarab belgilanadi:
- xonalar soni 10 tadan kam bo‘lganda har bir xona uchun 10 mln so‘m;
- xonalar soni kamida 15 ta bo‘lganda, har bir xona uchun 15 mln so‘m;
- xonalar soni kamida 20 ta bo‘lganda, har bir xona uchun 20 mln so‘m.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlangan:
YuNeSKOning Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlarda mehmonxonalar qurish hamda mehmonxona mavjud bo‘lmagan tuman (shahar)larda kichik otellar qurish va ularni jihozlash xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
Mehmonxonalar mavjud bo‘lmagan tuman (shahar)lar ro‘yxati.