AQSh Kongressining Vakillar palatasi transgenderlarning maktabdagi qizlar sport jamoalari tarkibida ishtirok etishini taqiqlovchi qonun loyihasini ma’qulladi. Hujjat 218 ovoz bilan ma’qullandi, 206 nafar kongressmen unga qarshi bo‘ldi.
Qonun loyihasi sport jamoalarida transgenderlar bo‘lgan maktablarni moliyalashtirishdan mahrum qiladi.
Demokratlar loyihani tanqid qilib, buni o‘quvchilarning shaxsiy hayotiga tajovuz deb atadi.
Kelishmovchilik qonunning qanday amalga oshirilishi bo‘yicha yuzaga keldi.
Respublikachilar o‘quvchilar jinsini tug‘ilganlik guvohnomasi orqali tekshirishni taklif qilishdi. Demokratlar esa bu «kichkina qizlarning jinsiy a’zolarini tekshirishga» olib kelishini ta’kidladi, chunki ba’zi tug‘ilganlik guvohnomalarida jins «interseks» deb ko‘rsatilgan.
Kongressmen Greg Stubi ovoz berish natijalarini sharhlar ekan, bu tashabbus ayol sportchilar uchun «shartlarni tenglashtirishga» qaratilganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, ko‘pchilik odamlar erkaklarning ayollar sportida ishtirok etishini «yo‘l qo‘yib bo‘lmas hodisa» deb hisoblaydi.
2024 yil dekabr oyi o‘rtalarida AQSh saylangan prezidenti Donald Tramp o‘z boshqaruvi davrida hukumat faqat ikki jins: erkak va ayolni tan olish bo‘yicha rasmiy siyosatga amal etishini e’lon qilgan edi.