Norvegiya valiahd malikasining o‘g‘li zo‘ravonlik ishi bo‘yicha hibsga olindi

Jahon 12:01 / 21.11.2024 2857

Norvegiya valiahd malikasi Mette-Maritning to‘ng‘ich o‘g‘li Marius Borg Xyoybi bir haftani tergov hibsxonasida o‘tkazadi. Bunday qaror 20 noyabr, chorshanba kuni Oslo sudi tomonidan qabul qilindi.

Qayd etilishicha, yigit jinsiy zo‘ravonlikda ayblanmoqda. Bu Marius Borg Xyoybi bilan bog‘liq ikkinchi shunday hodisadir, deya xabar beradi ZDF nemis telekanali Oslo politsiya prokurori Andreas Krusshevskining so‘zlariga tayanib. Ikkala holatda ham gap «qarshilik ko‘rsata olmagan ayolga nisbatan jinsiy harakatlar» haqida ketyapti. Norvegiya politsiyasi saytining xabar berishicha, joriy ish bo‘yicha tergov 6 noyabr kuni prokuratura tomonidan ochilgan.

Xyoybi 19 noyabrga o‘tar kechasi Oslo chekkasida mashinada qo‘lga olingan. Valiahd malika o‘g‘lining qarorgohi tintuv qilindi.

NRK teleradiokompaniyasiga bergan izohida, Xyoybining advokati uning mijozi aybsizligini va prokuror vaziyatni «falokatli darajada noto‘g‘ri baholagan»ligini aytdi.

O‘tgan oylarda Norvegiya valiahd malikasining o‘g‘liga nisbatan boshqa ayblovlar qo‘yildi — xususan, uning sobiq qiz do‘stlariga tan jarohati yetkazish va mulkka zarar yetkazish, deya eslatadi jurnalistlar.

Marius Borg Xyoybi Norvegiya valiahd malikasi Mette-Maritning oldingi sherigidan tug‘ilgan. Uning valiahd shahzoda Xaakondan yana ikki farzandi bor — valiahd malika Ingrid Aleksandra va shahzoda Sverre Magnus. Xyoybi qirol oilasiga mansub, lekin shahzoda unvoniga ega emas va qirollik uyining rasmiy a’zosi hisoblanmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: