Jahon | 21:45 / 28.01.2025
6090
3 daqiqa o‘qiladi

Norvegiya elektromobillarga to‘liq o‘tgan dunyodagi birinchi davlatga aylanishi mumkin

2024 yilda mamlakatdagi yangi avtomobillar savdosida elektromobillar ulushi 88,9 foizni tashkil etgan. Norvegiyada elektromobillarga QQS solinmaydi, yo‘l va avtoturargohlar solig‘i uchun chegirmalar, jamoat transporti yo‘laklariga chiqish imkoniyati mavjud.

Foto: AP

Norvegiya dunyoda benzin va dizelda harakatlanadigan yangi avtomobillarni bozordan butunlay chiqarib yuborgan birinchi davlatga aylanishi mumkin.

Qayd etilishicha, Norvegiya yetarlicha neft va gaz zaxirasiga ega bo‘lishiga qaramay, yangi energiya manbalarida (NEV) ishlaydigan transport vositalarini joriy etishda dunyo yetakchilaridan hisoblanadi. Mamlakatda yangi avtomobillar savdosidagi elektromobillar ulushi 2010 yilda 1 foizdan kamroqni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda ushbu ko‘rsatkich 88,9 foizga chiqqan.

Norvegiya jamoat yo‘llari boshqarmasi tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning dastlabki haftalarida sotilgan yangi yengil avtomobillarning 96 foizdan ortig‘ini elektromobillar tashkil etgan.

Bunday ko‘rsatkich Norvegiyani NEV’ga to‘liq o‘tishga yaqinlashtiradi va 2017 yilda mamlakat ilk bor o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarni ro‘yobga chiqarish imkonini beradi.

Norvegiya transport vazirining o‘rinbosari Sessiliya Knibe Kroglundning ta’kidlashicha, yangi texnologiyaga o‘tishda elektromobillar tarqalishini qo‘llab-quvvatlagan davomli siyosat hal qiluvchi rolni o‘ynagan. Dunyoning boshqa davlatlari esa asosiy e’tiborni ichki yonuv dvigateliga ega transport vositalaridan foydalanishni taqiqlashga qaratgan.

Norvegiyada elektromobillarga QQS solinmaydi, yo‘l va avtoturargohlar solig‘i uchun chegirmalar, jamoat transporti yo‘laklariga chiqish imkoniyati mavjud. Bundan tashqari, mamlakat hukumati elektromobillarni quvvatlantirish infratuzilmasini rivojlantirishga katta sarmoya kiritgan.

Kroglund ushbu o‘zgarishlarni 5,5 million aholiga ega mamlakat uchun «yangi norma» deb atagan. «Transport — iqlim o‘zgarishiga kamroq ta’sir ko‘rsatadigan yechimlarni topishda muhim ahamiyatga ega», — deydi u.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, 2025 yilda Norvegiya shahar avtobuslarini to‘liq elektrobuslarga, o‘n yillik oxiriga borib esa og‘ir yuk tashuvchi NEV’lar ulushini 75 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid