O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Yaqin Sharqdagi vaziyat
Hamas Isroil armiyasi so‘nggi 41 kun ichida G‘azo shimolida 2 mingdan ziyod falastinliklarni o‘ldirganini da’vo qilmoqda. G‘azo eksklavining shimoli so‘nggi 40 kun ichida qamal qilingani bois 6 mingdan ziyod inson yaralangan.
Shimoldagi Jabaliya, Bayt Xanun va Bayt Lahiya tumanlariga yerdan va havodan zarbalar tinmayapti. Bu yerda istiqomat qilayotgan 80 mingdan ziyod falastinlik qamal sharoitida qolgan. Hamas Isroilni bu yerda genotsid va etnik tozalash o‘tkazayotganlikda ayblagan.
Bu orada Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi G‘azoda urush boshlanganidan buyon 12 mingdan ziyod o‘quvchi va talabalar o‘ldirilganini e’lon qildi. 780 mingdan ziyod o‘quvchi va talabalar ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan.
Isroil 441 ta ta’lim muassasasiga zarba bergan. 77 ta maktab yer bilan bitta qilib tekislangan.
Isroil armiyasi Livan shaharlarini ham hujumga olishda davom etmoqda. Bayrutning janubidagi Dahiya mavzesida yana portlashlar ro‘y berdi. Aviatsiya kamida 10 ta zarba bergani aytilmoqda.
Shuningdek, Dahiya tumanining uch mavzesida, Bayrutning Al-G‘ubayri tumani va Rafiq Haririy nomidagi xalqaro aeroport yaqinidagi Shufayvat mavzesiga zarba berilgani tasvirlari tarqaldi.
Blinken G‘azodagi urush haqida
AQSh davlat departamenti rahbari Entoni Blinken Isroil «o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari»ga yetishganini, Hamas harakatining yetakchilarini o‘ldirib, ularga ortiq 2023 yilning 7 oktyabrida ro‘y bergan yirik hujumni takrorlash imkoniyatini qoldirmaganini ta’kidlagan.
«Menimcha, urushni yakunlash vaqti keldi», — degan Blinken.
Blinkenning qo‘shimcha qilishicha, agar Isroil G‘azodagi urushni yakunlashga qaror qilsa, garovda ushlab turilganlarni ozod qilish yo‘li izlab topiladi.
«Bizda Isroilning G‘azoni tark etishi va Hamas ortiq qaytmasligi borasida aniq reja bo‘lishi kerak. Shu sababli biz bu rejani ishlab chiqish va amalga joriy qilish bo‘yicha bor kuchimiz bilan harakat qilamiz», — degan Blinken.
BMTning falastinlik qochqinlarga yordam berish va ishlarni tashkillashtirish bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi 2023 yilning oktyabridan buyon Isroil hujumlari natijasida G‘azoda 43 mingdan ziyod inson o‘lgani, ularning 70 foizi ayollar va yosh bolalar ekani to‘g‘risidagi ma’lumotni tasdiqlagan.
Blinken Ukrainadagi urush haqida
AQSh davlat kotibi Tramp hokimiyat tepasiga kelishidan oldin Ukrainaga yordam kuchaytirilishini aytdi. Vashington Bayden prezidentligining oxirigacha Kiyevga barcha harbiy yordamni o‘tkazishga va’da bermoqda, NATO esa Ukrainaning barcha ittifoqchilarini qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga chaqirmoqda.
Blinken NATO shtab-kvartirasida jurnalistlarga havo hujumidan mudofaa, artilleriya va zirhli mashinalar kabi harbiy yordam vositalarini sanab o‘tib, «Vashington Ukrainaning Rossiya agressiyasidan samarali mudofaasini ta’minlash uchun biz qilayotgan barcha ishlarimizga asoslanishda davom etadi», dedi.
Bryusselda u NATO rahbariyati bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi va unda Ukrainani yanada qo‘llab-quvvatlash masalasi muhokama qilindi.
Ittifoqchilarning ushbu uchrashuvidan ko‘zlangan maqsad «Ukrainada 2025 yilda samarali kurashish yoki tinchlik muzokaralarini o‘tkazish uchun Kiyevga yetarli pul, o‘q-dorilar va safarbar etilgan qo‘shinlarga ega bo‘lishi uchun» kuchlarni birlashtirish bo‘lgan.
Ukraina bosh prokuraturasiga ko‘ra, urush natijasida Ukrainada 589 bola halok bo‘lgan. 2770 nafar bola jabrlangan. 1681 bola jiddiy yaralangan.
Pashinyan konstitutsiya haqida
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakatni «Tog‘li Qorabog‘» bilan birlashtirish bandi bo‘lgan Mustaqillik deklaratsiyasi «eng katta muammo va fojia» ekanini ma’lum qildi.
U oldin ham bir necha bor mamlakatning amaldagi Konstitutsiyasi muammoli ekani, chunki unda deklaratsiyaga havola borligini aytgandi.
«So‘nggi yillarda Mustaqillik deklaratsiyasini o‘nlab marotaba qayta o‘qib chiqdim va bu hujjatning mohiyati Armaniston Respublikasi mavjud bo‘la olmasligini ta’minlashdan iborat, degan dahshatli xulosaga keldim. Bu bizning eng katta muammo va fojiamiz», — dedi Pashinyan parlamentda.
Pashinyan yanvar oyida mamlakatning asosiy qonunida Mustaqillik deklaratsiyasiga havola borligini, bu tinchlik o‘rnatishga to‘sqinlik qilayotganini, yangi Konstitutsiya esa mamlakatni hozirgi geosiyosiy sharoitda yanada yashovchan qilishini aytgan edi.
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev ham Armaniston Konstitutsiyasining o‘zgartirilishi tinchlik o‘rnatish sharti ekanini ta’kidlab kelmoqda.
Armaniston Konstitutsiyasida 1990 yil 23 avgustda qabul qilingan Mustaqillik deklaratsiyasiga havola bor. Ushbu deklaratsiya muqaddimasida Armaniston SSR va «Tog‘li Qorabog‘»ning 1989 yildagi «Birlashuv to‘g‘risida»gi qo‘shma rezolyutsiyasiga havola keltirilgan.
Darvoqe, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan soqol-mo‘ylovlarini qirtishlab olib tashlab, mutlaqo yangi qiyofada namoyon bo‘ldi. Bu internetda turli hazil va mazaxlarni keltirib chiqardi.
O‘zidan ketayotgan Ilon Mask
AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp Ilon Maskka AQSh davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish vazirligi rahbari lavozimlaridan birini ishonib topshirmoqchi. Mask bilan birga biznesmen Vivek Ramasvami ishlaydi. «Demokratiya emas, byurokratiyaga tahdidman», deb yozgan Mask o‘ziga tegishli X ijtimoiy tarmog‘ida.
Ilon Mask saylovdan keyingi bir hafta davomida Donald Trampning Floridadagi qarorgohiga deyarli har kuni tashrif buyurdi. Bu Tramning atrofidagilarni g‘azablantira boshlagan.
NBC News manbalariga ko‘ra, Maskning tashrifidan Trampga biznesmendan ko‘ra yaqinroq bo‘lgan odamlar «charchay boshlagan». Ular Mask o‘z roli chegarasidan chiqib ketayotganini aytmoqda.
«U o‘zini ham prezident sifatida tutyapti va hammaning bundan xabari borligiga ishonch hosil qilmoqchi. U o‘zini prezidentning g‘alabasiga katta hissa qo‘shgan deb hisoblayapti. America PAC va X ijtimoiy tarmog‘i bilan uni eshitishni istagan barchaning oldida maqtanmoqda. U Trampni o‘zining oldida qarzdor sifatida his qilishiga majburlayapti. Prezident hech kimga, hech narsaga majbur emas», — degan telekanal suhbatdoshi.
Trampning o‘zi esa Mask haqida iliq fikr bildirgan. «Ilon uyiga ketishni istamayapti. Men undan qutula olmayapman». Kongressmenlar bu shunchaki hazil sifatida aytilganini ta’kidlashgan.
Bu orada ikki yirik gazeta — Britaniyaning The Guardian va Ispaniyaning La Vanguardia nashrlari X ijtimoiy tarmog‘ini tark etishini e’lon qilgan.
Ikki nashr Tvitterni Ilon Mask sotib olgach bu yerda botlar urchigani, fitna nazariyasiga zo‘r berilayotgani va tarmoqda nafrat tili tobora avj olayotganini ta’kidlagan.
«AQShdagi saylovoldi kampaniyasi X toksik platformaga aylangani va uning egasi Ilon Mask siyosiy diskurs yaratish uchun undan foydalanganini ko‘rsatib berdi», — degan The Guardian nashri.
The Guardianʼning X ijtimoiy tarmog‘ida 80 ga yaqin akkaunti va 27 million obunachisi bor. La Vanguardiaʼning asosiy akkauntiga 1,3 million obunachi yozilgan.
Kongress ham respublikachilarniki
AQSh saylovlarida prezidentlik va Senatga saylovlarda g‘alaba qozongan respublikachilar Kongressda ham ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Associated Press tomonidan e’lon qilingan norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, respublikachilar Senatda 53 o‘rin va Vakillar palatasida 218 o‘ringa ega bo‘lgan.
Ushbu ovoz berish natijalari tufayli Tramp AQSh Kongressida ko‘pchilik o‘rinni egallagan respublikachilar bilan birga 2026 yilda bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlarga qadar mamlakat hukumatida kuchli ta’sirga ega bo‘ladi.
Trampning prezidentlik poygasida g‘alaba qozongan 2016 yilgi saylovda ham respublikachilar Senatda ham, Vakillar palatasida ham ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.
Ikki yetakchi siyosiy kuchdan iborat AQSh Kongressining tarkibi mamlakat siyosiy hayotida katta ahamiyatga ega bo‘lib, Amerika prezidentining faoliyat doirasiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Prezident budjet tuzish, biror joyga qo‘shin yuborish kabi qarorlar va tashqi siyosat kabi masalalarda Kongress bilan hamkorlik qilishi kerak.