RFda «chet el agentlari»ning ayrim daromadlardan foydalanishi qiyinlashadi

Jahon 11:06 587

Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasiga «chet el agentlari»ning intellektual faoliyatdan daromad olishini qiyinlashtiradigan qonun loyihasi kiritildi. Hujjat 14 noyabr, payshanba kuni Federal majlis quyi palatasi ma’lumotlar bazasiga joylashtirildi.

Loyiha «chet el agentlari» intellektual faoliyatdan gonorarlar va ajratmalar tushadigan rublda maxsus hisobraqamlarni ochishga majbur bo‘lishini nazarda tutadi.

Qonun kuchga kirgandan so‘ng ro‘yxatdagi figurantlarga maxsus hisobraqam ochish uchun 15 kun beriladi.

Qonun loyihasi birinchi o‘qishda kelasi hafta ko‘rib chiqilishi mumkin

Egalari tegishli maqom bekor qilingandan keyingina mablag‘dan foydalanishlari mumkin. Shu bilan birga, pulni hisobraqamdan chiqarish mumkin bo‘ladi — sud qarori bilan ro‘yxatdagi shaxslarga nisbatan qo‘yilgan jarimalarni to‘lash uchun.

Qonun loyihasini 450 deputatdan 429 nafari, jumladan, Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin imzoladi.

Davlat dumasining Xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash qo‘mitasi rahbari Vasiliy Piskarevning ta’kidlashicha, gap Ukraina Qurolli kuchlarini qo‘llab-quvvatlovchilar uchun «bo‘shliq»ni yopish haqida ketmoqda.

Ilgari 40 dan ortiq federal qonunlar qabul qilinib, ular «suverenitetni himoya qilish va ichki ishlarimizga aralashishga qarshi kurashishga qaratilgan», dedi Piskarev.

Qonun loyihasi birinchi o‘qishda kelasi haftadayoq ko‘rib chiqilishi mumkin, deb yozadi «Meduza».

«Chet el agentlari» to‘g‘risidagi Rossiya qonuni

Rossiyada rasmiylar «xorijiy ta’sir» ostida bo‘lgan har qanday shaxsni «chet el agenti» deb e’lon qilishlari mumkin, uning ta’rifi qonunda juda noaniq. «Chet el agenti» bo‘lish uchun hatto xorijiy manbalardan mablag‘ olish ham shart emas.

Dastlabki «chet el agentlari» Rossiya Federatsiyasida o‘n yildan ko‘proq vaqt oldin paydo bo‘lgan. O‘shanda rasmiylar gap faqat u yoki bu tashkilot xorijdan moliyalashtirilgani haqida jamoatchilikni xabardor qilish haqida ketayotganini aytdi. Lekin qonunchilikka doimiy ravishda «chet el agentlari» zimmasiga yangi mas’uliyat yuklaydigan va ularni bevosita kamsituvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Masalan, 2022 yil oxiridan boshlab «chet el agentlari»ga davlat muassasalarida o‘qituvchilik qilish, ommaviy tadbirlar tashkilotchisi bo‘lish, shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tash, saylov komissiyalari a’zosi bo‘lish taqiqlandi.

Ko‘proq yangiliklar: