GFR STG terminallari operatoriga RFdan gaz qabul qilishni taqiqladi

Jahon 14:00 790

Germaniya Iqtisodiyot va iqlimni muhofaza qilish vazirligi suyultirilgan tabiiy gaz (STG) terminallari davlat operatori Deutsche Energy Terminal (DET)ga Rossiya xomashyosini «umuman qabul qilmaslik»ni buyurdi. Bu haqda 14 noyabr, payshanba kuni vazirlikning 6 noyabrdagi xatiga tayanib, Financial Times nashri xabar berdi.

FT ma’lumotlariga ko‘ra, maktub mamlakatdagi to‘rtta STG terminalini boshqaradigan DET'ga, kompaniya hukumatni Brunsbyuttele shahrida Rossiya STG yuki haqida xabardor qilganidan keyin yuborilgan. Vazirlik DET'ga «muhim davlat manfaatlari» yo‘lida «keyingi ogohlantiruvga qadar Rossiyadan STG olishdan bosh tortishni» buyurdi.

Ta’kidlanishicha, agar bunday yuklar qabul qilinsa, Germaniya va butun Yevropa Ittifoqi uchun «Rossiya gazidan mustaqillikni» ta’minlash maqsadida yaratilgan terminallarning «butun ma’nosi» yo‘qoladi.

Germaniya Rossiyadan keladigan quvur gazidan voz kechdi

Ilgari Rossiya gazining dunyodagi eng yirik xaridori bo‘lgan Germaniya, Rossiya Federatsiyasi 2022 yilda Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishni boshlaganidan so‘ng, uni to‘g‘ridan to‘g‘ri import qilishni to‘xtatdi. Quvur orqali gaz yetkazib berishning qisqarishiga javoban, kansler Olaf Shols hukumati dengiz orqali muqobil ta’minot uchun bir nechta STG terminallarini qurdi.

«Germaniya Rossiya gazini prinsipial jihatdan import qilmaydi va Iqtisodiyot vazirligi ham bu Germaniyaning STG terminallari orqali sodir bo‘lmasligi kerakligini tushunadi», dedi vazirlik vakili Reuters'ga.

Ko‘proq yangiliklar: