Apple BBC, The Insider va "Exa Moskvy" podkastlarini Rossiyada yashirib qo‘ydi

Jahon 08:12 774

Amerikaning Apple texnologiya korporatsiyasi Rossiyadagi foydalanuvchilar uchun BBC rus xizmatining "Chto eto bylo?" shousini, "Exo Moskvy" radiosi va The Insider nashri podkastlarini yashirib qo‘ydi. Bu haqda 14 noyabr, payshanba kuni "Mediazona" xabar berdi. Bu kontent aynan qachon yashirilgani noma’lum.

Rossiyalik foydalanuvchilar faqat avval tinglagan va yuklab olgan yashirin podkastlarga kirish imkoniga ega, yangi foydalanuvchilarda esa ularni qidiruvda topish imkoni yo‘q, deb yozadi nashr. Oxirgi mavjud epizod 8 noyabrda chiqdi.

Shu bilan birga, BBC rus xizmatining qolgan beshta podkastlari rossiyalik foydalanuvchilarga ochiqligicha qolmoqda. Rossiya Federatsiyasidan tashqarida ham barcha yashirin podkastlar mavjud.

Apple RF rasmiylari bilan hamkorlikda ayblanmoqda

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan keyin Apple Rossiya bozorini tark etdi. Shu bilan birga, so‘nggi paytlarda uning Roskomnadzor bilan hamkorligi haqida taxminlar paydo bo‘ldi. Xususan, iyul va sentabr oylarida Rossiya App Store'dan 25 ta VPN-ilovasi, sentabrda esa yana 98 tasi yo‘qolgan.

Apple, shuningdek, Rossiyada bloklangan xorijiy ommaviy axborot vositalari ilovalarini olib tashladi. Kompaniya o‘tmishda Rossiya rasmiylarining talablarini bir necha bor bajargan.

Ko‘proq yangiliklar: