Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyasini eng katta muammo va fojia deb atadi

Jahon 21:24 / 14.11.2024 4540

«So‘nggi yillarda Mustaqillik deklaratsiyasini o‘nlab marotaba qayta o‘qib chiqdim va ushbu deklaratsiyaning mohiyati Armaniston Respublikasi mavjud bo‘la olmasligini ta’minlashdan iborat degan dahshatli xulosaga keldim. Bu bizning eng katta muammo va fojiamiz. Hozirgi masala haqiqiy Armaniston qanday va uning fuqarolari kimlar ekani haqida. Haqiqiy Armaniston fuqarosi — bu vatanini tashqaridan qidirmaydigan kishi», — deydi Pashinyan parlamentdagi chiqishida.

Nikol Pashinyan yanvar oyida yangi Konstitutsiyani qabul qilish bo‘yicha referendum o‘tkazish kerakligi haqida gapirgandi. U mamlakat asosiy qonunida Mustaqillik deklaratsiyasiga havola borligini, bu tinchlik o‘rnatishga to‘sqinlik qilayotganini, yangi Konstitutsiya esa mamlakatni hozirgi geosiyosiy sharoitda yanada yashovchan qilishini aytgan edi. Shu bilan birga, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Armaniston Konstitutsiyasining o‘zgarishi mamlakatlar o‘rtasida tinchlik o‘rnatish sharti ekanini ta’kidlagan.

Armaniston Adliya vazirligiga ko‘ra, gap «konstitutsiyaviy o‘zgarishlar emas, balki yangi Konstitutsiya» haqida ketayotgan ekan, uni tayyorlashga vaqt talab etiladi, bu boradagi referendum esa 2027 yildan erta o‘tkazilmaydi.

Ozarboyjon tinchlik bitimi doirasida Armaniston o‘z Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritishini talab qilmoqda. Unda Armaniston Oliy kengashi 1990 yil 23 avgustda qabul qilgan mamlakat mustaqilligi deklaratsiyasiga havola bor. Ushbu deklaratsiya boshida o‘z navbatida, Armaniston SSR va Tog‘li Qorabog‘ning 1989 yildagi «Birlashuv to‘g‘risida»gi qo‘shma rezolyutsiyasiga havola keltirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: