Germaniya O‘zbekistonga «yashil» iqtisodiyot uchun yana 3 mln yevro grant ajratadi

O‘zbekiston 19:02 / 14.11.2024 1035

Boku shahrida BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Tomonlar konferensiyasi 29-sessiyasi (COP29) doirasida O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi delegatsiyasi Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) katta loyiha direktori Ilka Starrost bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda tomonlarning o‘zaro amalga oshirayotgan loyihalarning joriy holati, xususan, tomonlarning o‘zaro hamkorligida amalga oshirilayotgan «O‘zbekistonda xususiy sektorga ko‘mak va iqtisodiy siyosatlar bo‘yicha maslahatlar» loyihasi yuzasidan bajarilayotgan ishlar hamda bu bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilingan.

Mazkur loyiha doirasida sanoatni yashillashtirish, xususiy sektorni yashil iqtisodiyotga o‘tishda qo‘llab-quvvatlash maqsadida Germaniyaning 9 million yevro miqdoridagi grand mablag‘lari jalb qilingan.

«Loyiha hukumatga iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va barqaror iqtisodiy rivojlanish uchun shart-sharoitlarni ta’minlashda, ayniqsa, «yashil» sanoatlashtirish va «yashil» iqtisodiyot bo‘yicha davlat va xususiy sektor salohiyatini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratishda ko‘mak berishi alohida ta’kidlab o‘tildi», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, ushbu loyiha issiqxona gazlarini o‘lchash va sertifikatlash bo‘yicha ekspert bilimlarini taqdim etadi, O‘zbekistonning xalqaro issiqxona gazlari savdosida ishtirok etishini va Yevropa Ittifoqining Transchegaraviy tartibga solish mexanizmiga (CBAM) moslashishini qo‘llab-quvvatlaydi. Xususiy sektor resurslarni tejaydigan, barqaror ishlab chiqarish uchun «yashil» texnologiyalarni moslashtirishda, masalan, aylanma (sirkulyar) iqtisodiyot va «yashil» sanoat parklari modellari doirasida qo‘llab-quvvatlanadi.

Uchrashuv so‘ngida tomonlar o‘rtasida «O‘zbekistonda xususiy sektorga ko‘mak va iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatlar» loyihasiga qo‘shimcha ravishda 3 million yevro miqdoridagi grand mablag‘larini ajratish to‘g‘risida memorandum imzolangan.

 

Ko‘proq yangiliklar: