Britaniya muzeyi mamlakat tarixidagi eng qimmat sovg‘aga ega bo‘ladi

Jahon 23:31 / 14.11.2024 3633

Britaniya muzeyi o‘z tarixidagi eng qimmat sovg‘aga ega bo‘ladi — qiymati 1 milliard funt sterlingni tashkil etadigan Xitoy chinnilari muzey kolleksiyasidan o‘rin oladi, deb xabar bermoqda BBC.

1,7 mingta buyum o‘z ichiga oladigan jamlanma Xitoy tarixi bilan qiziqqan va ushbu davlat tilini yaxshi o‘rgangan britaniyalik biznesmen Persival Devid fondi vasiylari tomonidan topshiriladi. U kolleksiyani butun umri davomida to‘plab, boshqalarni ham bundan ilhomlanishga undagan.

Devidning kolleksiyasi Xitoydan tashqaridagi eng noyob kulolchilik mahsulotlar jamlanmasi hisoblanadi — u 2009 yildan beri Britaniya muzeyida namoyish etib kelinmoqda, ammo kolleksiya endi muzeyning mulkiga aylanadi.

Eng yorqin eksponatlardan biri — bu 1351 yilga tegishli «Devid vazasi»dir. Uni o‘rganish davomida ko‘k-oq rangli kulolchilik namunalari qachon paydo bo‘lgani borasidagi sanalarga oydinlik kiritgan. Tovuq tasviri tushirilgan idishdan esa imperator Chenxuaga (1465-1487) vino uzatishda foydalanilgan bo‘lsa, Ju Yao chinnisi 1086 yilda Sun sulolasi saroyi uchun yasalgan.

Kolleksiyadagi ayrim buyumlar tez orada Xitoyning Shanxay muzeyi va Nyu-Yorkdagi Metropoliten muzeyiga ko‘rgazma uchun vaqtincha yuboriladi.

 

Ko‘proq yangiliklar: