Adaptiv sport turlarini rivojlantirish dasturi tasdiqlandi

O‘zbekiston 11:05 / 14.11.2024 1034

Hujjat bilan 2024 yil 15 dekabrdan boshlab sport bilan shug‘ullanishni istagan nogironligi bo‘lgan shaxslarning murojaatiga ko‘ra, "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan davlat mulkida bo‘lgan jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarida bepul sport bilan shug‘ullanish uchun yo‘llanma berilishi belgilandi.

Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari va "Muruvvat" internat uylarida 2025-2026 yillarda Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan sport inshootlarini qurish, ta’mirlash va jihozlash, shuningdek sport to‘garaklarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Hujjatga muvofiq quyidagilar tashkil etiladi:

  • O‘zbekiston adaptiv sport turlari Assotsiatsiyasining hududiy bo‘limlari;
  • O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi huzuridagi Paralimpiya sport turlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash instituti negizida adaptiv jismoniy tarbiya va adaptiv sport mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti.

Adaptiv sport turlari Assotsiatsiyasining asosiy vazifalari:

  • adaptiv sport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish;
  • adaptiv sport turlari bo‘yicha NNTlar va davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni ta’minlash;
  • adaptiv sport turlari bo‘yicha iqtidorli sportchilarni aniqlash, saralash, tanlab olish va ularni professional sportchi sifatida tayyorlash tizimini muvofiqlashtirish;
  • davlat sport-ta’lim muassasalari sport infratuzilmasi obektlarining moddiy-texnik bazasini yaratishda ishtirok etish va konsepsiyalar hamda boshqa loyiha hujjatlarini ishlab chiqish;
  • adaptiv sport turlari bo‘yicha murabbiylar, uslubchi-yo‘riqchilar va boshqa mutaxassislarni qayta tayyorlash, malakasini oshirish va kasbiy rivojlantirishning zamonaviy va samarali tizimini joriy etish va boshqalar.

 
2025 yil 1 fevraldan boshlab paralimpiya sport turlari, karlar sporti, ko‘rish qobiliyati buzilgan shaxslar sporti, maxsus olimpiada sport turlari, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslar shug‘ullanadigan boshqa sport turlari bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari yo‘lga qo‘yiladi. Kurslar yakunida 4 yil davomida amal qiladigan malaka sertifikati beriladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar YaIDXP mobil ilovasi orqali jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarini, shuningdek adaptiv sport turlari bo‘yicha guruhlar tashkil etilgan sport maktablarini tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • Adaptiv sport turlarini rivojlantirish va jismoniy reabilitatsiya tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi;
  • Surdlimpiya, Maxsus olimpiya, IBCA Jahon o‘yinlari, Surdosiyo va Okeaniya o‘yinlari, Maxsus olimpiya Yevropa yozgi o‘yinlari, Amputantlar o‘rtasida futbol bo‘yicha jahon chempionatida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar hamda ularni tayyorlagan murabbiylarni Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan rag‘batlantirish miqdorlari.
Ko‘proq yangiliklar: