Yaponiyada seysmik yoriqlar tufayli yadroviy reaktorni qayta ishga tushirishga ruxsat berilmadi

Jahon 21:20 / 13.11.2024 1103

Yaponiyaning energetika sohasidagi nazorat organi Tsuruga AESdagi reaktor qayta ishga tushirilish uchun xavfsizlik tekshiruvidan o‘ta olmaganini ma’lum qildi, deb xabar beradi Kyodo agentligi.

Qayd etilishicha, bu 2011 yili Fukusimada yuz bergan halokatdan keyin kuzatilgan birinchi shu kabi holat hisoblanadi.

2-sonli reaktor tekshiruvdan o‘tkazilganidan keyin bino ostida ehtimoliy yoriqlar borligi ma’lum bo‘lgan, bu yadroviy obektlarni seysmik zonalarda joylashtirish talablariga ziddir.

Seysmik jihatdan xavfli bo‘lgan Yaponiyada reaktorlar yoki boshqa muhim obektlarni bevosita yer qa’rida yoriqlar mavjud hududlarga qurish taqiqlanadi.

Iyul oyida nazorat organining ishchi guruhi reaktor binosidan 300 metr shimolda joylashgan faol yoriqlar obekt ostidan ham o‘tgan bo‘lishi mumkinligini istisno etmagan edi. Tekshiruvlar Japan Atomic Power hujjatlaridagi xatolik tufayli ikki marotaba to‘xtatilgan.

Ayni vaqtda Yaponiyada mavjud 35 ta reaktordan 27 tasi tekshiruvdan o‘tkazilmoqda va ularning 17 tasi faoliyatini davom ettirish uchun ruxsat olgan. Mamlakat o‘zining regulyator tizimini 2012 yilda yangilagan va 2013 yil iyulda yangi xavfsizlik talablarini joriy etgan.

Joriy yilning oktyabr oyida Yaponiya 2024 yil noyabr oyida 50 yoshga to‘ladigan «Takahama» atom elektr stansiyasining birinchi energobloki ishlashini davom ettirishni ma’qullagan edi. To‘rtta reaktorga ega «Takahama» atom elektr stansiyasi Fukui prefekturasi sohilida, Yapon dengizi qirg‘og‘ida joylashgan. Qonunga ko‘ra, Yaponiyadagi yadroviy reaktorlar maksimal 60 yil ishlashi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: